17-iyuldan boshlab don shartnomasi amalda tugatildi. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga tayanib “Meduza” ma’lum qildi.

Kreml vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya talab qilgan kelishuv shartlari bajarilmagani tufayli sodir bo‘lgan.

“Qora dengiz kelishuvlari bugun amalda o‘z kuchini yo‘qotdi. Rossiya Federatsiyasi prezidenti avvalroq aytganidek, muddat 17-iyulda tugaydi, afsuski, ushbu Qora dengiz kelishuvlarining Rossiya talab qilgan qismi shu paytgacha bajarilmagan, shuning uchun uning amal qilish muddati tugatilgan. Shartnomalarning Rossiya talab qilgan qismi bajarilishi bilanoq, Rossiya tomoni ushbu bitimni amalga oshirishga darhol qaytadi. De-fakto, vaziyat shunday”, — deydi Peskov.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova, o‘z navbatida, Moskva allaqachon Ukraina, Turkiya va BMTni “kelishuvni muddatini uzaytirishga norozi ekani haqida” rasman xabardor qilganini aytdi.

Rossiya va Ukraina Turkiya hamda BMT ishtirokida 2022-yil iyul oyida Qora dengiz portlaridan don eksporti bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. O‘shandan beri u bir necha bor uzaytirildi.

Rossiya kelishuvni uzaytirish uchun bir qancha shartlarni ilgari surmoqda. Ular orasida ammiakni Yevropaga Ukraina orqali to‘siqsiz yetkazib berish, shuningdek, Rossiya Qishloq xo‘jaligi bankining sanksiyalar ostida uzilgan SWIFT tizimiga qayta ulanishi ham bor.