17-iyulga o‘tar kechasi Qrim ko‘prigida portlash sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Meduza”.

“VKontakte”dagi rus pabliklari va rus blogerlari kanallarida ko‘prikda Rossiya vaqti bilan soat 3:04 va 3:20 da ikkita portlash sodir bo‘lgani haqida xabar tarqaldi.

Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksenov soat 4:21 da Krasnodar o‘lkasidan 145-tayanch hududida yuz bergan “favqulodda holat” tufayli ko‘prikda harakat to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Rossiya Transport vazirligining ma’lum qilishicha, ko‘prikning Qrim tomonidagi yo‘lagi shikastlangan, ammo yo‘laklarning tayanch ustunlari zararlanmagan. Huquq-tartibot idoralari hozircha hodisa sabablariga izoh bermadi.

Rossiya tomonidan berilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikki nafar odam halok bo‘lgan, bir nafar bola jarohat olgan. Jarohatlangan qizcha hozirda reanimatsiya bo‘limida, deya xabar berdi “RIA Novosti”. Halok bo‘lganlar uning ota-onasi bo‘lgan.

Rossiya transport vazirligi ko‘prikdan o‘ta olmayotgan avtomobillarga “muqobil yo‘nalish” orqali harakatlanishni tavsiya qildi.

Anneksiya qilingan Qrim rahbari maslahatchisi Oleg Kryuchkov Qrim sharqida sayyohlar uchun vaqtinchalik joylashtirish markazlari ochilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu punktlarda sayyohlar “muqobil yo‘nalish, temir yo‘l aloqasi va parom qatnovi bo‘yicha istalgan yordam va ma’lumotlarni olishlari” mumkin bo‘ladi. Shuningdek, dam oluvchilardan iloji bo‘lsa mehmonxona va sanatoriylarda qolish so‘ralgan.

Qrim parlamenti rahbari Vladimir Konstantinov ko‘prikdagi portlashda Ukraina tomonini aybladi.

“Bugun tunda Kiyevdagi terror rejimi yangi jinoyat sodir etdi — Qrim ko‘prigiga hujum qildi. Kiyevdagilar o‘tish joyining avtomobil yo‘li fuqarolik obyekti ekanini bilmasligi mumkin emas. Ammo bu terrorchilarni hech qachon to‘xtatmagan. Kelajakda ham to‘xtatmaydi. Ularni faqat bunday zarbalarni berishning jismoniy imkoniyatidan mahrum qilish, shuningdek, har bir bunday zarba uchun jazo muqarrarligi bilan to‘xtatish mumkin”, — degan u.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda ham ko‘prikda portlash sodir bo‘lgandi. O‘tgan yilning 8-oktabr kuni Qrim ko‘prigining avtomobillar harakatlanadigan bo‘lagida yuk mashinasi portlagandi. Oqibatda ko‘prikning bir qismi qulab tushgan va ko‘prikda harakat to‘xtatilgan.