O‘zbekistonlik ikki futzalchi yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimligi viloyat Futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi.

Qayd etilishicha, 15-iyul kuni Jizzax viloyatining “Jizzax Nur” va Sirdaryo viloyatining “Guliston” jamoalari o‘rtasida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvga ketayotgan 27 yoshli futzalchi Jasur Abdulakimov boshqaruvida bo‘lgan Cobalt avtomobili va Gentra ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Hodisa oqibatida avtomobil salonida bo‘lgan 27 yoshli Jasur Abdulakimov va Shahzod Siddiqov vafot etgan. Shuningdek, ular bilan birga mashinada bo‘lgan jamoadoshi 18 yoshli Davlat Ibragimov olgan tan jarohatlari bilan viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgan. Hozirda uning axvoli o‘ta og‘irligi aytilmoqda.

Avvalroq, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida Lacetti va Cobalt to‘qnashishi oqibatida ikki haydovchi voqea joyida halok bo‘lgani, uchta yo‘lovchi shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgani xabar qilingandi.