Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Beshariq tumanida oilali, ikki farzandli ayolni to‘rt erkak zo‘rlagani aytilgan videoxabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 21-mart kuni fuqaro A.Y. tanishlari I.Yu, J.S. va B.S. bilan fuqaro D.U.(videotasvirdagi ayol)ni majburlab, Beshariq tumanidagi tashlandiq shiyponga olib borgan. So‘ngra zo‘rlik ishlatib, urib-do‘pposlagan va erkaklardan biri — B.S. bilan jinsiy aloqada bo‘lgan holatini videotasvirga olishgan.

Ayolni ushbu videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, uning erkiga qarshi nomusiga tegib, jinsiy ehtiyojlarini qondirgan, deyiladi xabarda.

Sud tibbiy ekspertizasining 31-mart kunidagi xulosasi ko‘ra, D.U.ning o‘ng bilagida qontalashi bo‘lib, mazkur tan jarohati og‘irlik darajasiga ko‘ra 6 kundan ko‘p davom etmaydigan yengil shikastlar toifasiga kirgan, tanasining boshqa joylarida jarohatlar aniqlanmagan.

Holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Viloyat IIBning qayd etishicha, 29-iyun kuni tergov harakatlari yakunlanib, tegishliligi bo‘yicha sudlov organiga yuborilgan.