13-iyul kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov “Paxtakor” futbol klubiga Toshkent shahar mahalliy budjetining zaxira jamg‘armasi hisobidan 7 milliard so‘m mablag‘ ajratish to‘g‘risida qaror imzoladi. Qaror turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Poytaxt hokimligi holat yuzasidan tushuntirish berdi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-apreldagi “Futbol klublari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 261-sonli qaroriga asosan “Paxtakor” futbol klubi Toshkent shahar hokimligi balansiga biriktirilishi va hokimiyat bosh homiy bo‘lishi belgilangan. “Bu esa futbol klubining xarajatlari asosan shahar hokimligi mahalliy budjet daromadlarining orttirilgan qismidan qoplab berilishini anglatadi”, — deya ta’kidlangan hokimlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, ayni kunda “Paxtakor”ning 334 nafar xodimi bor, ularning 200 ga yaqini sportchilar bo‘lib, bular — asosiy tarkib, ayollar, yoshlar, futzal hamda ularning turli yoshdagi jamoalari hamda murabbiylar. Jamiyatning qolgan a’zolari esa OFK va O‘FA reglamenti asosida ishlovchi xizmatchilar.

“„Paxtakor“ FKning akademiyasida bugungi kunda 300 dan ortiq yoshlar ta’lim olayotgan bo‘lib, ularning murabbiylari ham MCHJ xodimlari sanaladi. Ushbu jamoaning mehnat haqi, balansdagi 2 ta baza, 8 ta stadionni saqlash, futbolchilarni vitaminlar bilan ta’minlash, zarur texnik jihozlar xaridi, viloyatlardagi va chet ellardagi safarlar xarajatlarining barchasi ta’sischi, bosh va boshqa homiylar zimmasidadir”, — deyiladi xabarda.

“„Paxtakor“ FK MCHJ rahbariyatinning Toshkent shahar hokimligiga 2023-yilning 13-iyul kuni yuborilgan xatida 2023-yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasiga asosan 2023-yilning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kommunal to‘lovlar va o‘yin o‘tkazish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun klubga 7 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi so‘ralgan. Toshkent shahar hokimining 433−14−0-Q23 sonli qarori bilan klub faoliyati uchun zarur mablag‘ ajratilgan”.

“Bu mablag‘ futbolni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, uni kimgadir tegishli tizimni moliyalashtirish degan talqin noo‘rin”, — deyiladi Toshkent hokimligi munosabati yakunida.