15-iyul kuni Toshkent xalqaro aeroportiga birinchi LET L-410 havo kemasi yetib keldi. Yangi turdagi samolyot an’anaviy ravishda suv arkasi bilan kutib olindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Mamlakat ichidagi parvozlar geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladigan ushbu samolyot Chexiyaning LET Aircraft Industries konsernidan xarid qilingan. Samolyot dastlab ishlab chiqarish zavodida qabul qilinib, parvoz xususiyatlari tekshirilganidan so‘ng Kunovitsa shahridan Bolgariya, Turkiya, Armaniston, Ozarbayjon va Turkmanistonda yonilg‘i quyish uchun oraliq qo‘nish bilan Toshkentga yetib keldi.

U o‘z ichiga 19 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi, shuningdek, yuk bo‘linmasi ham mavjud. Maksimal kreyser tezligi soatiga 405 km, maksimal parvoz masofasi 1500 km, maksimal parvoz davomiyligi 5 soat 10 daqiqadan iborat. Uchish uchun kerak bo‘ladigan masofa 510 metr, qo‘nish uchun kerak bo‘ladigan masofa esa 500 metrni tashkil etadi.

“L-410 ishonchliligi, xavfsizligi va ekstremal iqlim (-50…+50 darajagacha) sharoitida foydalanishga ixtisoslashgani bilan ajralib turadi. Ushbu turdagi samolyotlardan Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Amerika va Yevropa qit’alarida, dunyoning 60 dan ortiq mamlakatlarida foydalaniladi. Samolyot yo‘lovchi va yuklarni qisqa masofalarga tashish uchun mo‘ljallangan. Ushbu turdagi havo kemalari qisqa uchish-qo‘nish yo‘laklariga qo‘na oladi”, — dedi Uzbekistan Helicopters rahbari Sardor Irmuxamedov.

Uning aytishicha, Uzbekistan Airways 2023-yilda bunday samolyotlarning 2 tasini sotib olish uchun shartnoma tuzgan. Ikkinchisi oktabr oxiri-noyabr boshida kelishi mo‘ljallanmoqda.

“Birinchi parvoz kelasi hafta Samarqand shahriga bo‘lishi rejalashtirilmoqda, uchish vaqti 1 soat 15 daqiqani tashkil etadi. Muntazam reyslar har kuni yo‘lga qo‘yiladi, boshlanish jarayonida soat 8:30 dan uchadi. Keyinchalik Zomin, Sariosiyo tumanlariga, Farg‘ona, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlariga parvozlar yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi Sardor Irmuxamedov.

Bortdagi elektron uskunalar GPS zamonaviy kommunikatsiya va navigatsiya tizimlari, xavfli yaqinlashishning oldini olish uchun takomillashtirilgan tizim bilan ham jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Toshkentda Chexiya bosh vaziri Petr Fiala va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov o‘rtasidagi muzokaralarda chex kompaniyasining O‘zbekistonga L-410 samolyotlarini sotishdan manfaatdorligi muhokama qilingandi.