Jamshid Yunusovich Tursunovni Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi etib tayinlandi, deya xabar qildi O‘zA.

Mazkur lavozimga tayinlangunga qadar u joriy yilning 16-yanvaridan boshlab Buxoro viloyati hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Jamshid Tursunov 1979-yilda Buxoro viloyatining Buxoro tumanida tug‘ilgan. 2000-yilda Toshkent moliya institutini, 2003-yilda O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Hokimlikka kelguniga qadar 2021−2023-yillarda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-iyul kuni saylovdan keyingi birinchi yig‘ilishda respublika darajasidagi qator rahbarlar, jumladan, 2019-yildan buyon Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan, biroq yo‘l sohasiga 2001-yildan buyon javobgar bo‘lgan Abdurahmon Abduvaliyevni ishdan bo‘shatdi. Davlat rahbari ularni ishdan olar ekan: “Xiyonat qilganga o‘rin yo‘q”, — degan edi.