Markaziy bank O‘zbekiston xalqaro zaxiralariga doir tarqalayotgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi. 2023-yil 1-iyul holatiga xalqaro zaxiralarni 11,3 oylik importni qoplashga yetadigan darajada shakllantiruvchi omillar bo‘lgan. Bu esa minimal talab etiladigan ko‘rsatkichdan qariyb 4 barobarga yuqoridir, deyiladi regulyator xabarida.

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari yil boshidan buyon 2 mlrd dollarga kamaydi. Ko‘rsatkich 1-yanvar holatiga 35 mlrd 767,5 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 1-iyulga kelib, 33 mlrd 720,3 mln dollargacha pasaydi.

Markaziy bank xalqaro zaxiralar tarkibida regulyator mablag‘laridan tashqari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablag‘lari ham mavjud bo‘lib, xalqaro standartlarga ko‘ra, ulardan foydalanish huquqi ushbu tashkilotlar ixtiyorida bo‘lishini va Markaziy bank tomonidan operativ boshqarilishini qayd etdi.

“Xalqaro zaxiralar hajmi mamlakat milliy valyutasi, moliya tizimi barqarorligini ta’minlash va xorijiy investorlar ishonchini oshirish, shuningdek, pul-kredit siyosatini amalga oshirish va xalqaro operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblar uzluksizligini ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqib yetarli darajada shakllantirib boriladi. Bunda xalqaro zaxiralarni jamg‘arish asosiy maqsad sifatida xizmat qilmaydi”, — deyiladi xabarda.

Xalqaro zaxiralar hajmi 2017-yil bilan solishtirilganda 9,3 mlrd dollar yoki 35,3 foizga oshgan bo‘lib, bu holat 2017−2022-yillar mobaynida xalqaro zaxiralar tarkibidagi monetar oltin hajmining 67 tonnaga ortgani hamda oltin narxining 2017-yil boshidagi 1159,1 dollardan 2022-yil yakuniga 1812,4 dollargacha ko‘tarilishi bilan izohlangan. Bunda xalqaro zaxiralar xajmiga oltin narxi o‘zgarishining ta’siri 6,9 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Natijada xalqaro zaxiralarning tarkibida monetar oltinning ulushi 2017-yilga nisbatan 46 foizdan 2023-yil 1-yanvar holatiga 64 foizgacha oshgan va mos ravishda valyuta mablag‘lari ulushi 53 foizdan 36 foizga kamaygan.

марказий bank, oltin-valyuta zaxiralari, расмий munosabat

“O‘zbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralari hajmi xalqaro amaliyotda zaxiralarning yetarliligini baholashda qo‘llanadigan ko‘rsatkichlarning minimal talablariga to‘liq javob beradi”, — deyiladi regulyator munosabatida.

Qayd etilishicha, xalqaro zaxiralarning keng ma’nodagi pul massasiga nisbati 2023-yil 1-iyul holatiga 204 foizni tashkil qilgan bo‘lib, 20 foizlik minimal talabdan 10 barobar ko‘p.

марказий bank, oltin-valyuta zaxiralari, расмий munosabat

Regulyator mamlakatda so‘nggi yillarda investitsion loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarish maqsadlarida mashina uskunalari va texnologiyalar importi, aholi daromadlarining oshib borishi bilan iste’mol tovarlari importi va iqtisodiy faollik yaxshilanib borishi bilan xizmatlar importi oshib borayotganini eslatib o‘tgan. Jumladan, import hajmi 2017-yilda 14 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib bu ko‘rsatkich 30 mlrd dollarga yetgani, ya’ni o‘sish 2,1 barobarni tashkil qilgani aytilgan.

2021−2022-yillarda YAIM nominal hajmida 20−22 foizlik o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, import hajmida ham shunga mos ravishda 20−21 foizlik o‘sish sur’atlari qayd etilgan.

Import hajmining yuqori sur’atlarda oshib borishi sharoitida xalqaro zaxiralarning ularga bo‘lgan nisbatining pasayishi 2023-yil 1-iyul holatiga xalqaro zaxiralarni 11,3 oylik importni qoplashga yetadigan darajada shakllantiruvchi omillar bo‘lgan. Bu esa minimal talab etiladigan ko‘rsatkichdan qariyb 4 barobarga ko‘p (rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga ko‘ra, zaxiralar kamida uch oylik import hajmini qoplashi kerak).

марказий bank, oltin-valyuta zaxiralari, расмий munosabat

“Mavjud xalqaro zaxiralar O‘zbekistonning 2023-yil davomida so‘ndirilishi kutilayotgan qisqa muddatli tashqi qarzlarini to‘liq qoplaydi hamda bugungi kunda minimal talabga nisbatan qariyb 5,1 barobar yuqori darajada shakllangan (XVJ tavsiyasi — minimum 100 foiz)”, — deyiladi xabarda.

Tashqi savdo bo‘yicha asosiy hamkor mamlakatlar ko‘rsatkichlari bilan solishtirganda, O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining YAIMdagi ulushi nisbatan yuqori darajada shakllangan. Jumladan, O‘zbekistonda xalqaro zaxiralarning YAIMga nisbati 44 foizni tashkil qiladi.

марказий bank, oltin-valyuta zaxiralari, расмий munosabat

Eslatib o‘tamiz, 1-iyul holatiga O‘zbekiston xalqaro oltin valyuta zaxiralari yil boshidan buyon 2 mlrd dollarga kamaygan.