Minglab Ukraina fuqarolari Rossiya va Ukrainaning bosib olingan hududlari bo‘ylab rasmiy va norasmiy qamoqxonalar tarmog‘ida saqlanmoqda, ular qiynoqqa solinadi va qul mehnati uchun foydalaniladi. Bu haqda Associated Press (AP) yangi tergovida aytilgan.

Rossiya hukumati hujjatini qo‘lga kiritgan AP agentligiga ko‘ra, RF 2026-yilgacha bosib olingan Ukrainada yana kamida 25 ta shunday qamoqxona qurishni rejalashtirmoqda.

“Ishg‘ol qilingan hududlarda ko‘plab tinch aholi vakillari shunchaki ukrain tilida gaplashgani yoki yosh bo‘lgani kabi arzimagan ayblar bilan hibsga olinadi va ko‘pincha hech qanday ayblovsiz ushlab turiladi. Boshqalar esa terrorchilar, jangchilar yoki “maxsus harbiy operatsiyaga qarshilik ko‘rsatgan” (Rossiya rahbariyati Ukrainaga bostirib kirishni shunday ataydi — tahr.) sifatida ayblanmoqda. Yuzlab rus harbiylari qul mehnati — handaq va boshqa istehkomlar qazish, shuningdek, ommaviy qabrlar uchun foydalanmoqda, deb yozadi AP.

Surishtiruv mobaynida AP jurnalistlari o‘nlab odamlar, jumladan, sobiq ukrainalik asirlar va harbiy asirlar, mahbuslarning oilalari, Ukraina razvedka xizmati xodimlari bilan suhbatlashdi, shuningdek, sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar, ijtimoiy tarmoqlar, hukumat hujjatlari va Qizil Xoch xatlarini tahlil qildi.

“Ulardan olingan ma’lumotlar, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, ijtimoiy tarmoqlar ma’lumotlari, hukumat hujjatlari va Qizil Xochdan kelgan xatlar Rossiyada tinch aholini hibsga olish va ularga nisbatan Jeneva konvensiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid keladigan shafqatsiz munosabatda bo‘lishning ulkan tizimi mavjudligini tasdiqlaydi”, — deyiladi materialda.

AP suhbatlashgan sobiq mahbuslar bu qamoqxonalardagi qiynoqlar “odatiy” ekanligini aytishdi. Ularga elektr toki tekkizish, sinishgacha urish va bo‘g‘ish kiradi. Ko‘pchilik o‘lim holatlariga guvoh bo‘lganini aytgan.

BMTning iyun oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi paytida ukrainalik tinch fuqarolarning hibsga olingani haqidagi hisobotida 77 nafar tinch aholi asiri qatl etilgani va qiynoqlar natijasida bir kishining o‘limi hujjatlashtirilgani aytiladi. Rossiya harbiylari tomonidan hibsga olingan tinch asirlarning 90 foizdan ortig‘i qiynoqlar va shafqatsiz muomalalar, jumladan jinsiy zo‘ravonlik haqida gapirgan.

Ba’zi tinch aholi vakillari, AP ma’lumotlariga ko‘ra, bir necha kun yoki hafta, boshqalari bir yildan ko‘proq vaqt davomida hibsda saqlangan. Hozirda Rossiya qamoqxonalarida saqlanayotgan Ukraina fuqarolarining aniq soni noma’lum. Ukraina rasmiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yil fevralidan beri 10 mingga yaqin tinch aholi hibsga olingan bo‘lishi mumkin.

Rossiya tinch aholini ushlab turish faktini tan olmaydi, deyiladi materialda. Kelajakda mahbuslar, garchi xalqaro qonunlarda tinch aholini harbiylarga ayriboshlash taqiqlangan bo‘lsa ham, rus askarlari evaziga almashtirilishi mumkin.

AP ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaning bosib olingan hududlarida hozirda kamida 63 ta qamoqxona (BMT ma’lumotlariga ko‘ra — 125 ta) mavjud bo‘lib, ularda Ukraina fuqarolari saqlanmoqda. Ular, shuningdek, Rossiya va Belorussiyadagi qamoqxonalarga ham jo‘natiladi. U yerlarda, AP hisob-kitoblariga ko‘ra, kamida 40 ta shunday qamoqxona bor.