14-iyul kuni uchinchi muddatga qayta saylangan prezident Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimidagi nutqida saylovning ertasi kuniyoq belgilab olingan maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy harakatlar boshlanganini aytib o‘tdi.

Saylangan davlat rahbarining ta’kidlashicha, vaqt, hayot kutib turmaydi. “Davrning o‘zi barchani tezkor bo‘lishga, kerak bo‘lsa, vaqtdan o‘zib ishlashga undamoqda”.

“Kimki „Saylov o‘tdi — safarbarlik tugadi“, deb o‘ylasa, xato qiladi. Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi. Chunki xalqimiz bizga ishonib topshirgan katta-katta reja va dasturlarni o‘zimiz bajarmasak, ayting, chetdan kim kelib bajarib beradi?” — deydi prezident.

Shavkat Mirziyoyev kelgusi 7 yilga mo‘ljallab ishlab chiqilgan strategik maqsadlarga erishish uchun barcha kuch va imkoniyatlar borligi, “islohotlar sur’ati va samarasi yanada oshirilishi, hech qachon susaytirilmasligini” ta’kidladi.

Qanchalik qiyin va mashaqqatli bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan ortga qaytmaymiz, — dedi u.