Toshkent shahridagi Bo‘zsuv kanaliga korxonalar tomonidan ifloslangan suv oqizilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.

Bosh prokuratura o‘rganishi davomida tozalash inshootiga Toshkent shahrida joylashgan 18 ta (15 ta tekstil va 3 ta qushxona) tadbirkorlik subyektlari tomonidan oqova suv tarmog‘iga yuqori konsentratsiyada ifloslangan, kimyoviy moddalari mavjud bo‘lgan oqova suvlar oqizib kelinayotgani aniqlandi.

Qayd etilishicha, “Bo‘zsuv oqova suv tozalash” inshooti kelib tushgan oqova suvlarni biologik tozalashga mo‘ljallangan bo‘lib, unda oqova suvlarni kimyoviy va fizikaviy tozalash imkoniyatlari mavjud emas.

Ta’kidlanishicha, oqizilayotgan oqovalarda me’yorga nisbatan azot ammoniy konsentratsiyasi, azot nitrit, kislorodning biologik iste’moli, kislorodning kimyoviy iste’moli, neft mahsulotlari, fosfor, temir va xrom ortiqcha ekanligi oqibatida, inshoot atrofidagi havoda vodorod sulfidi miqdori me’yordan oshib ketib, ifloslangan suvdan badbo‘y hid tarqalayotganligi hududda yashovchi aholining noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.

Bosh prokuratura qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ tomonidan muqaddam berilgan ogohlantirish va laboratoriya tahlil natijalari bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etmaganlarga nisbatan ichimlik va oqova suvi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirdi.