AQSh Davlat departamenti turli mamlakatlar bunday savdoga qarshi qanday kurashayotgani baholangan 2023-yilgi Global odam savdosi hisobotini e’lon qildi.

O‘zbekiston yangi hisobotda ikkinchi toifada qoldi (Tier 2) — u hukumatlari TVPA minimal standartlariga to‘liq rioya qilmaydigan, lekin ularga rioya qilish uchun jiddiy sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgan davlatlarni o‘z ichiga oladi. Mamlakat 2021-yildan buyon ushbu toifaga mansub hisoblanmoqda.

Mamlakatlar AQShning odam savdosi qurbonlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunining (Trafficking Victims Protection Act, TVPA) minimal standartlariga javob berishlari bo‘yicha saralangan va uch toifaga bo‘lingan.

Hisobot mualliflari O‘zbekiston hukumatining sa’y-harakatlari qatorida:

  • ko‘proq odam savdogarlarini tergov qilish, jinoiy javobgarlikka tortish va sudlash;
  • xorijdagi mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish;
  • odam savdosi qurbonlari uchun O‘zbekistondagi yagona boshpanaga ajratilayotgan mablag‘ ko‘paytirildi.

Biroq, hisobotda qayd etilishicha, hukumat odam savdosi qurbonlarini kamroq aniqladi va ba’zi mahalliy amaldorlar paxta yetishtirish bo‘yicha norasmiy kvotalarni qo‘yishda davom etishdi, bu esa “paxta terimida majburlash uchun rag‘batlarni saqlab qolishga yordam bergan bo‘lishi mumkin”.

Hisobotga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekiston rasmiylari 93 nafar odam savdosi qurbonlarini aniqlagan, 2021-yilda esa bu ko‘rsatkich 175 nafarni tashkil etgan. Ulardan 81 nafari jinsiy savdo qurboni (80 nafar ayol va bir qiz) va 12 nafari majburiy mehnat qurboni (barchasi erkaklar).

Jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosi qurbonlarining barchasi O‘zbekistonda ekspluatatsiya qilingan O‘zbekiston fuqarolari, majburiy mehnat qurbonlari esa xorijda aniqlangan O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.

O‘zbekiston hukumati, shuningdek, o‘tgan yili 172 ta tergov o‘tkazganini ma’lum qildi: jinsiy ekspluatatsiya uchun odam savdosi (125), odam savdosi (16) va aniqlanmagan bolalar ekspluatatsiyasi (31).

35 nafar mansabdor shaxs mehnat qonunchiligini buzgani uchun ma’muriy jazoga tortildi, bu 2021-yildagi ko‘rsatkichning deyarli yarmini tashkil etadi, deyiladi xabarda.