“Gazeta.uz” Toshkentning Shayxontohur tumanidagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti joylashgan hududdagi 18 ming daraxt taqdiridan xavotirlanayotgan mahalliy aholi ushbu joyni milliy bog‘ga aylantirishni so‘rayotgani haqida yozgandi. Gap shundaki, institut Toshkentdan Andijonning Marhamat tumaniga ko‘chirilayotgani bois, uning hozirgi 19 gektar maydoni zavod yoki korxona qurish uchun davlat tomonidan sotilishi haqida gap-so‘zlar tarqala boshladi. Shu atrofda yashovchi odamlar esa bundan xavotirga tushib, bunday fojianing oldini olish maqsadida hukumatga murojaat qilgandi.

Mazkur voqeaga “Gazeta.uz” nashri muxbirlari e’tibor qaratgach, jamoatchilik, shu jumladan blogerlar ham keng yorita boshladi. 12-iyul kuni esa daraxtlar qayta xatlovdan o‘tkazilishi va ular himoyaga olinishi aytildi. Bu haqda ekologiya, atrof-muhitni muxofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

“Vazirlik mas’ullari tomonidan Toshkent shahridagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti hududi va plantatsiyasidagi daraxtlar holati o‘rganildi. Daraxtlarni saqlab qolish va muxofaza qilish maqsadida ertadan boshlab Institut hududidagi barcha daraxtlar qayta xatlovdan o‘tkazish belgilandi”, — deb yozadi vazir maslahatchisi.

“Biz ushbu hududdagi mavjud daraxtlar saqlab qolingan holdagina boshqa loyihalarni amalga oshirish mumkin, deb hisoblaymiz. Va aholining daraxtlarni saqlab qolish bo‘yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Shu bois, kelgusida bu yerdagi birorta ham daraxt kesilishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, — dedi Rasul Kusherbayev.

“Gazeta.uz” bilan suhbatda aholi vakillari hukumatga murojaat qilib, hududni milliy bog‘ga aylantirib berishni so‘ragandi: