Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti o‘tkazgan tadqiqot natijalari qurilish ishlarining tezlashuvi oqibatida poytaxtning 4 ta tumanida va Buxoro shahrining markaziy qismida yashillik darajasi 2022-yilda 2017-yilga nisbatan 33−37 foizgacha qisqarganini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda 2012−2016-yillarda kvartira (uy)lar soni 6,6 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2017−2021-yillarda o‘sish o‘tgan besh yillikdagidan 3 barobar ortiq (20,3 foiz) bo‘ldi. Bu davrda eng ko‘p uylar Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida qurildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2021−2022-yillarda:

  • Sardoba, Jondor, Peshku, Xo‘jaobod, So‘x va Bag‘dod tumanlari hamda Navoiy, Jizzax, Zarafshon, Buxoro va Andijon shaharlarida vertikal o‘sish eng yuqori bo‘lgan (vertikal o‘sish shaharlarning yuqoriga qarab o‘sishini, gorizontal o‘sish esa tashqi tomonga kengayishini anglatadi).
  • Respublikaning 77 ta tuman va shahrida jami foydalanishga qabul qilingan uy-joylar maydonida ko‘p kvartirali uy-joylar maydonining ulushi 30 foizdan kam bo‘lgan.
  • Xususan, Bo‘zatov, Kegeyli, Qorao‘zak, Bo‘ston, Yangiobod, Tomdi, Oltinsoy, Mirzaobod, Sayxunobod tumanlari hamda G‘ozg‘on, Shirin va Angren shaharlarida ko‘p kvartirali uylar foydalanishga topshirilmagan.

Institut ekspertlarining qayd etishicha, vertikal shaharlar, ijobiy jihatlar bilan bir qatorda, infratuzilma talablari, atrof-muhitga ta’siri va yashash uchun qulaylik nuqtai nazaridan qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan:

Aksariyat hududlarning bosh rejasi ishlab chiqilmagani yoki yakuniga yetkazilmagani, bosh rejasi bor hududlarda ham yer ajratishning rejaga zid ravishda amalga oshirilishi tartibsiz qurilishlarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, 2021-yilda respublikada 814 ta bosh rejaga amal qilmaslik holati aniqlangan.

Qurilish ishlarining jadallashuvi oqibatida yashillik darajasi 2022-yilda 2017-yilga nisbatan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 26 foiz, Yakkasaroy tumanida 23 foiz, Olmazor tumanida 33 foiz, Mirzo Ulug‘bek tumanida 18 foizga qisqargan. Bunday holatni respublikaning boshqa hududlari misolida ham kuzatish mumkin. Masalan, tahlil davrida Buxoro shahrining markaziy qismida yashillik darajasi 37 foizga qisqargan.

Ekspertlar yashil hududlarning inson hayotiga ta’siri bo‘yicha ba’zi tadqiqotlarni o‘z fikrlariga ilova qilgan. Ular quyidalar:

  • JAMA Network Open`da chop etilgan tadqiqot natijalari parklar, jamoat bog‘lari va boshqa yashil maydonlarga tashriflar ruhiy salomatlikni yaxshilashini tasdiqlagan. Xususan, haftasiga 3−4 marta yashil hududlarda sayr qiluvchilar bir marta yoki undan kam tashrif buyuruvchilarga qaraganda ruhiy salomatlik dorilaridan 33 foiz, qon bosimi dorilaridan 36 foiz va astma dorilaridan 26 foizga kam foydalanishi aniqlangan.
  • Nature.com saytida e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, haftada 2 soatni tabiat qo‘ynida o‘tkazish tashvish yoki depressiyadan xalos bo‘lish, yuqori qon bosimi hamda yurak kasalliklari xavfini kamaytirishga yordam beradi.
  • Shifokorlar ba’zi dori vositalari o‘rniga tabiatda ko‘proq vaqt o‘tkazishni tavsiya qilmoqda. Xususan, Yangi Zelandiyada shifokorlar 1998-yildan beri yashil maydonda o‘tkazish lozim bo‘lgan vaqtni belgilab bersa, Yaponiyada o‘rmon havosidan nafas olish ekoterapiyaning bir shakli sifatida qo‘llanmoqda.

O‘zbekistonda urbanizatsiya va qurilish ko‘lamining keskin kengayishi tufayli aholi punktlariga tushayotgan ekologik yuklamani kamaytirish maqsadida 2022−2024-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 1278,2 ga maydonga yashil bog‘lar, 1082,34 ga maydonga yangi yashil jamoat parklarini tashkil etish belgilangan. Shuningdek, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi.

Institut mutaxassislari yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagi taklif va tavsiyalarni ishlab chiqqan:

  • turar joy atrofidagi hudud va umumiy shahar bo‘yicha har bir aholiga to‘g‘ri keluvchi yashil hudud maydonining minimal normalarini yangilash va amaliyotga joriy qilish;
  • yangi ko‘p kvartirali turar joy qurilish ishlarini amalga oshirishda qabul qilingan minimal normalardan kelib chiqib, pudratchiga yashil hududlar barpo etishning majburiy tartibini belgilash;
  • aholi yashash punktlarida ekologik barqarorlikni monitoring qilish maqsadida sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali hududlar yashilligini baholash amaliyotini joriy etish. Shuningdek, shahar va shaharchalar yashillik indeksini ishlab chiqish.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda Toshkent shahri havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha bir necha marta dunyoda yetakchilardan biriga aylanyapti. House Fresh xalqaro jamoatchilik loyihasi havo sifati bo‘yicha o‘z tadqiqotida Toshkentdagi yomon havo bir yilda chekilgan 503 ta sigaret kabi aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida xabar bergandi.