Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Shohruh Shorahmedov Uzum va Click kompaniyalari qo‘mita ruxsatisiz birlashsa, jazoga tortilishini ma’lum qildi. U bu haqda Kun.uz nashriga bergan intervyusida gapirib o‘tgan.

“Kompaniyalar birlashishga tayyorgarlik ko‘radi, bu — normal holat. Ikki kompaniya kelishadi, hujjatlarni tayyorlaydi va qo‘mitaga topshiradi. Birlamchi kelishuv bo‘ladi, keyin hamma ruxsat hujjatlarini olgandan keyin yakuniy kelishuvga erishiladi. Ammo buning uchun Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi ularning birlashuviga ruxsat berishi kerak. Chunki ular — juda katta kompaniya. Birlashuviga ruxsat beramizmi-yo‘qmi, aniq ayta olmayman, chunki o‘rganishimiz kerak. Aktivlari, aylanmalari, bozordagi raqobatchilari haqida ma’lumot berishi kerak. Biz bozordagi boshqa raqobatchilardan „sizlar qanday fikrdasizlar, qanday xavf-xatarlar bor?“ deb so‘raymiz. Ruxsat beramiz yoki bermaymiz — keyin aniq bo‘ladi”, — deydi Shorahmedov.

U Click kompaniyasining 11 milliondan ziyod foydalanuvchisi borligi, Uzum esa tez ommalashayotgani, shuning o‘ziyoq monopoliya xavfini tug‘dirishi mumkinligi haqidagi savolga javoban boshqa to‘lov tizimlarida ham million-million foydalanuvchilar borligini keltirib o‘tdi.

“Bizda litsenziya olib, faoliyat yuritadigan to‘lov tizimlarining soni 52 ta. To‘lov tizimi bo‘lgani bilan siz bemalol banklarning xizmatlaridan foydalanishingiz mumkin. Shunday bo‘lsa-da, ular bizning ruxsatimizsiz birlashsa, jazoga tortamiz”, — degan qo‘mita raisi.

Eslatib o‘tamiz, 12-iyun kuni Click va Uzum kompaniyalari o‘zaro birlashgani to‘g‘risida qo‘shma bayonot berdi. 15-iyun kuni esa Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Click to‘lov tashkiloti Uzum kompaniyalar guruhi bilan birlashuv bitimiga oldindan rozilik olish bo‘yicha murojaat qilmaganini va kompaniyalar birlashishi to‘g‘risida rasmiy bitim tuzilmaganini ma’lum qildi.

“Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 16−17-moddalariga asosan agar xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olish bo‘yicha bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilida tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa yoki ulardan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘lsa, shuningdek, bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko‘rsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) ellik foizidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olsa, monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinishi kerak bo‘ladi.