O‘zbekiston Investitsiya vazirligida yangi investorlarning har biriga hamrohlik qilish uchun “investitsiya menejeri” lavozimi joriy etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lumot berdi.

“Investitsiya menejerlari” bevosita vazirga bo‘ysunadi va xorijiy investorlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, kelib tushgan masalalarni hal qilib boradi. Xorijiy kelishuvlar doirasidagi investorlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.

Yig‘ilishda investitsiya va tashqi ishlar vazirlarining barcha o‘rinbosarlariga “investitsiya menejerlari” bilan birga shu tizim asosida jami 437 nafar investor bilan amaliy ishlarni boshlab, joriy yilning o‘zida qo‘shimcha 3 mlrd dollar investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Qayd etilishicha, investitsiya jalb qilish bo‘yicha Vengriya, Pokiston, Tailand, Chexiya va Yaponiya bilan hamkorlikda o‘sish kuzatilgan. Bu davlatlardan o‘tgan yili 40 mln dollarlik investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, joriy yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 450 mln dollarga ko‘paygan. Lekin, Misr, Eron, Ispaniya, Hindiston va Belgiya davlatlaridagi elchilar faoliyatida hali natija ko‘rinmayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, prezident viloyat, tuman va shahar hokimlari tomonidan shakllantirilgan investitsiya loyihalari ularning salohiyati va imkoniyatlariga mos emasligini qayd etgan. So‘nggi ikki oyda sanoati past rivojlangan 60 ta tumanga konsalting kompaniyalari jalb qilinib, loyiha guruhlari bilan birga 6,5 mlrd dollarlik 2 mingdan ziyod istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Masalan, Paxtachi tumanida o‘tgan olti oyda 5 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilingan bo‘lsa, konsalting kompaniya ikki oyda 165 mln dollarlik 40 dan ziyod loyihalarni tuman hokimiga taqdim qilgan.

“Barcha hokimlar bir masalani eshitib olsin. Toki hokim har bir loyihaning ichiga kirib, o‘zi investitsiya bilan shug‘ullanmasa, ahvol o‘zgarmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda Investitsiya, tashqi savdo va sanoat vazirligiga yil yakuniga qadar barcha tuman va shaharlarda hamda tarmoqlarda 30 mlrd dollarlik yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish topshirig‘i berildi. Buning uchun barcha tuman va shaharlardagi loyiha guruhlari konsalting kompaniyalari bilan birga “izlanish — ishlab chiqish — amalga oshirish” tamoyili asosida yangi loyihalarni shakllantiradi. Bu maqsadlarga 15 mln dollar yo‘naltiriladi.

Ishlab chiqilgan loyihalarni xorijiy investorlarga taqdimot qilish uchun yil yakuniga qadar har bir viloyatda hududiy investitsiya forumi o‘tkaziladi.