Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning islohotlar sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, dedi YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha vakili Paloma Xoll Kabalero 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovi yakunlari bo‘yicha bayonotida.

Bayonotda saylov tinch muhitda, puxta tayyorgarlikda va saylovchilarni yuqori faolligida o‘tkazilgani ta’kidlandi.

Yevropa Ittifoqi YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘liq huquqli xalqaro saylovlarni kuzatish missiyasini joylashtirish taklifini olqishladi va missiyaning dastlabki xulosalarini, xususan, saylov “fundamental erkinliklar va saylanish huquqi cheklangan sharoitda o‘tgan”ini e’tiborga olishini ma’lum qildi.

“Yevropa Ittifoqi bir qator kamchiliklar saylovchilarning ongli tanlov qilishiga to‘sqinlik qilganidan afsusda. Shuningdek, biz Missiyaning xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ovoz berish jarayonida jiddiy qonunbuzarliklar kuzatilgani haqidagi dastlabki xulosasiga e’tibor qaratamiz”, — deyiladi bayonotda.

“O‘zbekistonda 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yangi Konstitutsiya bo‘yicha umumxalq referendumi ortidan bo‘lib o‘tgan prezident saylovi prezident Mirziyoyev va islohotlarning ochiq qo‘llab-quvvatlanishini ko‘rsatdi. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonni demokratik islohotlarga qaratilgan sa’y-harakatlarini va YeXHT DIIHBning saylovni kuzatish bo‘yicha ushbu va avvalgi missiyalarining tavsiyalarini to‘liq amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlashga sodiq qoladi”, — deya qayd etildi.

Bir kun avval AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi prezidentlik saylovi natijalari bo‘yicha bayonot bergan edi. Unda aytilishicha, AQSh prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturini amalga oshirishda yordam berishga tayyor.