Toshkent viloyati Chirchiq shahrida 27 yoshli yigit o‘zini ko‘p qavatli uydan tashlab, vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

9-iyul kuni soat 09:20 atrofida shaharning Konstruktorchilar dahasida D.R. o‘zi yashagan ko‘p qavatli uyning balkon qismidan tushib, vafot etgan.

Aniqlanishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan D.R. o‘sha xonadonda oila a’zolari bilan birga yashagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, marhum so‘nggi 5 yil davomida oila a’zolari bilan birgalikda Rossiyada ishlab kelib, shu yilning may oyi boshida O‘zbekistonga qaytgan. Vaqtincha ishsiz bo‘lib, Bo‘stonliq tumanida oilasiga tegishli dala hovlida qurilish ishlari bilan band bo‘lgan.

Otasining so‘zlariga ko‘ra, yigitda 2023-yilning martidan beri ruhiy buzilish kuzatilgan.

Holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.