Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi noqonuniy chiqindi tashlanayotgan joylarga 25 ta videokamera o‘rnatilib, ular O‘zbekiston Ekologiya vazirligi markaziy dispetcherlik va onlayn monitoring boshqarmasi doimiy nazoratida bo‘ldi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Bundan tashqari, yana 200 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilmoqda. Kelgusida barcha noqonuniy chiqindixonalarga barham berish maqsadida respublika bo‘ylab ana shunday kameralar o‘rnatish rejalashtirilgan. Ularning umumiy soni 1000 ga yaqin bo‘ladi, deya ta’kidladi matbuot xizmati.

Ekologiya vazirligi chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash katta miqdorda jarima solishga olib kelishini eslatdi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasiga ko‘ra, sanoat, maishiy va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

MJtKning 91(1)-moddasiga ko‘ra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Maishiy va qurilish chiqindilari poligonlariga joylashtirilishi kerak bo‘lgan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni musodara qilib, fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.