9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari prezidentlik saylovida amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Uning nomzodi O‘zLiDeP tomonidan ko‘rsatilgan va “Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Saylovning dastlabki natijalarini Toshkentda bo‘lib o‘tgan brifingda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxodjayev ma’lum qildi. U Shavkat Mirziyoyevni saylangan prezident deb e’lon qildi.

Saylov xalqaro me’yor va standartlar, milliy saylov qonunchiligimiz asosida, ochiqlik, oshkoralik, erkinlik va adolat kabi demokratik tamoyillarga to‘la mos holda, ko‘tarinki ruhda o‘tdi, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Shavkat Mirziyoyev 87,73 foiz, 2021-yil 24-oktabrda 80,12 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan edi.

muddatidan ilgari saylov, saylov-2023

Foto: MSK.

Saylovda 15 million 651 ming 405 nafar saylovchi yoki umumiy 19 million 593 ming 838 nafar saylovchining 79,88 foizi ishtirok etdi. Saylovda eng yuqori faollik Jizzax viloyatida qayd etildi — 85,28 foiz, eng pasti Toshkent shahrida — 72,97%.

Taqqoslash uchun, 30-aprel kuni yangi tahrirda Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkazilgan referendumda saylovchilarning 84,5 foizi, 2021-yilgi prezident saylovida — 80,4 foiz, 2016-yilgi prezident saylovida — 87,73 foiz ishtirok etgan.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzodi ko‘rsatilgan Robaxon Maxmudova 4,43 foiz ovoz to‘pladi — unga 693 ming 634 kishi ovoz berdi.

O‘zXDP nomzodi va uning yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov 4,2 foiz — 629 ming 116 nafar ovoz to‘pladi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Xamzayev 3,74 foiz — 585 ming 711 kishi ovozini qo‘lga kiritdi.
Yaroqsiz deb topilgan byulletenlar soni 0,78 foizni tashkil etdi.