Andi Aranitasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori hamda rahbari etib tayinlandi. U Toshkentda faoliyat yuritadi va 2023-yil 1-sentabrdan o‘z ishini boshlaydi, deb xabar bermoqda bank matbuot xizmati.

Albaniya va Britaniya fuqarosi bo‘lgan Andi Aranitasi ishlab chiqarish, telekommunikatsiya, agrobiznes, mulk va turizm hamda energetika sohalarida 25 yildan ortiq tajribaga ega. YeTTBdagi faoliyati davomida u bankning energetika bo‘limida turli yuqori lavozimlarda ishlagan va Turkiya hamda Janubi-sharqiy Yevropadagi energiya loyihalarini yaratish, amalga oshirish va portfelini boshqarish uchun mas’ul bo‘lgan. Mazkur lavozimga tayinlanishidan oldin Aranitasi YeTTBning Shimoliy Makedoniyadagi vakolatxonasiga rahbarlik qilgan.

“YeTTBning eng dinamik bank va maslahat bo‘linmalaridan biriga mas’ul etib tayinlanganimdan juda mamnunman. O‘zbekiston tez rivojlanayotgan iqtisodiyot bo‘lib, qayta tiklanadigan energiya manbalari va infratuzilmadan tortib, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishgacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda katta tajriba va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni talab qiladi. Men o‘z tajribam va kuchimni mamlakat bilan hamkorlikni rivojlantirishga va 2023-yil oxirigacha tasdiqlanishi kerak bo‘lgan
O‘zbekiston bo‘yicha yangi davlat strategiyamizni amalga oshirishga yo‘naltiraman”, — dedi u.

Andi Aranitasi Bolgariyadagi Amerika universitetida biznes boshqaruvi va amaliy iqtisod bo‘yicha bakalavr darajasini olgan.

Yangi rahbar Alkis Drakinosning o‘rnini egallaydi. Drakinos 2017-yilda mamlakat bilan qayta aloqa o‘rnatilganidan beri bankning O‘zbekistondagi faoliyatini boshqarib kelgan va hozirda u Tbilisida joylashgan Kavkaz mintaqaviy vakolatxonasiga rahbar etib tayinlangan.

Bugungi kunga qadar YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyotiga 144 ta loyiha doirasida 4,37 milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritdi. Mamlakat ketma-ket uch yil davomida Markaziy Osiyoda bank mablag‘larini eng ko‘p oluvchi davlat hisoblanadi.