YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB)ning muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidentligiga o‘tkazilayotgan saylovni kuzatish bo‘yicha missiyasi qat’iy metodologiyadan iborat keng qamrov va chuqur o‘rganishga asoslangan. Bu haqda Toshkentdagi 518-sonli saylov uchastkasida jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda missiya rahbari Ursula Gatsek ma’lum qildi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Missiya Toshkentda joylashgan asosiy jamoaning 11 nafar mutaxassisidan iborat. Yana 24 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar butun mamlakat bo‘ylab joylashtirilgan va 14-iyundan o‘z faoliyatlarini boshlashgan. Bundan tashqari YeXHTga a’zo mamlakatlar 250 nafardan ortiq qisqa muddatli kuzatuvchilarni yuborgan, ular saylovga bir necha kun qolganda tashrif buyurishgan va nafaqat poytaxtda, balki Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘prik tumani kabi olis hududlarda faoliyat olib boryapti.

“Bizda [saylovni baholash bo‘yicha] ilmiy asoslangan metodologiya mavjud. Jamoaning har bir a’zosi 80 ta savoldan iborat murakkab shaklni to‘ldiradi. Bizda maxsus elektron ruchkalar mavjud bo‘lib, ular yordamida ma’lumotlarni real vaqt rejimida O‘zbekistonning eng olis hududlaridan ham olayapmiz”, — dedi u.

ехҳт, ехҳт дииҳб

Ursula Gatsekning ta’kidlashicha, missiya a’zolari bugun va ertaga tongda saylovning to‘rtta asosiy jarayonini kuzatib borishadi.

Birinchidan, 100 nafar atrofidagi kuzatuvchi saylov uchastkalari ochilishiga qadar bo‘lgan vaqtda saylovga tayyorgarlikni kuzatishdi.

Saylovga tayyorgarlik va uchastkalar ochilishi bo‘yicha 100 ta atrofidagi shakl Toshkentdagi statistika bilan shug‘ullanuvchi DIIHB jamoasi tomonidan qayta ishlanmoqda.

Kun davomida saylov jarayonining o‘zi bo‘yicha 1000 ta kuzatuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ular saylovchilarni ro‘yxatga olish jarayoni, shu jumladan biometrik, yashirin ovoz berishga rioya qilish, saylov qutilarining holati va boshqalarni o‘rganishni o‘z ichiga oladi.

Missiya 20:00 dan keyin esa 100 ta saylov uchastkasida ovozlarni hisoblash jarayonini kuzatadi.

Bugun va ertaga ertalab ishning yakuniy qismi 14 ta okrug komissiyasida (O‘zbekiston hududlari soniga ko‘ra) jadval monitoringi (ovozlarni hisoblash va jadvalga kiritish) bo‘lib, unda saylov uchastkalaridagi ovozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘planadi va umumlashtiriladi, keyin esa Markaziy saylov komissiyasiga yuboriladi.

“Agar uchta so‘z bilan o‘z faoliyatimizni aytsam, bu — qat’iy metodologiya, keng qamrov va chuqur o‘rganish demakdir”, — dedi Ursula Gatsek.

Davlat OAVlari vakillari missiya rahbaridan saylov jarayonidan mamnun yoki yo‘qligini so‘rashdi.

“Bu yakshanba tongidan beri mendan so‘rashayotgan masala. Men xulosani kutolmasligingizni ham tushunaman. Biroq ertagacha kutishingiz lozim va shundagina bu haqdagi ma’lumotni qo‘lga kiritasiz”, — dedi u.

Ursula Gatsek prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lgan suhbati tafsilotlarini ochiqlashni istamadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 3-iyul kuni qariyb 90 daqiqa davom etgan muloqot “juda ochiq” bo‘lib o‘tgan. Uning ta’kidlashicha, YeXHTning ba’zi tavsiyalari saylov jarayonida joriy etilgan, ayrimlari esa hanuz bajarilmay qolmoqda, lekin tashkilot tavsiyalarni berishda davom etadi, shu jumladan, ular mazkur saylov hisobotida ham aks etadi.

Iyun oyi oxirida DIIHB missiyasi joriy saylovlarni kuzatish bo‘yicha oraliq hisobotni e’lon qilgandi. Unda aytilishicha, saylov kampaniyasi juda “sust” o‘tayotgani qayd etilgandi.