Markaziy saylov komissiyasi 9-iyul kuni o‘tayotgan prezident saylovi bo‘yicha soat 11:00 holatiga ko‘ra natijalarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, saylovda 6 mln 463 ming 874 kishi ovoz berib ulgurdi. Bu umumiy saylovchilarning 33,54 foiziga teng.

“Ushbu raqamlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi o‘tgan, deb hisoblashga asos bo‘la oladi. Yakuniy xulosa ovoz berish natijalaridan kelib chiqib beriladi”, — dedi MSK raisi o‘rinbasi Bahrom Qo‘chqorov.

Keltirilishcha, hozircha joylardan ovoz berish tartibining buzilishi holatlari haqida ma’lumotlar kelmagan.

saylov-2023

MSK hisobotiga ko‘ra, hozircha eng ko‘p ovoz berganlar soni Andijon viloyatida — 663 ming 290 nafar (39,37%). Eng past ko‘rsatkich esa poytaxtda — 433 ming 85 kishi (20,27%).

Navbatdagi natijalar soni soat 14:00 da e’lon qilinadi.

28-iyundan 5-iyulgacha bo‘lgan muddatdan oldin o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida 815,3 ming kishi, jumladan, 180,7 ming nafar xorijda, 634,5 ming nafar shaxs mamlakat ichida ovoz berdi.