Shavkat Mirziyoyev 3-iyul kuni Toshkent shahridagi Chilonzor tumanining sanoat salohiyatini va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda “Beshqo‘rg‘on” va “Tirsakobod” mahallalari hududida 320 gektar maydonda 30 yil muddatga kichik sanoat zonasi maqomiga ega bo‘lgan sanoat hududini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bir oy muddatda sanoat zonasi hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati qabul qilinadi. 31-dekabrga qadar xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda hududni rivojlantirishning bosh rejasi va strategiyasini tasdiqlash topshirildi. Bu ishlar Toshkent shahar mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi. Ular asosida muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasi loyihalari ishlab chiqiladi.

Toshkent Xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kollejining bo‘sh turgan hududlarini tadbirkorlarga eng kam ijara stavkasida tanlov asosida ijaraga berish topshirildi. “Diyor” mahallasida yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha amaliy monomarkaz tashkil etish rejalashtirilgan.

Qo‘shimcha yuklamani taqsimlash, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida “Ruboiy” nimstansiyasiga 40 ming kVt, “Chilonzor” nimstansiyasiga 25 ming kVt quvvatga ega yangi transformatorlarni o‘rnatishga 17 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Tuman hududidan oqib o‘tuvchi “Bo‘rijar” kanali qirg‘oqlarini obodonlashtirish, bu yerda dam olish maskani va sport maydonchalari, umumiy ovqatlanish va savdo shoxobchalaridan iborat gastronomik ko‘chasini tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 40 milliard so‘mga baholanmoqda.

Qarorda, shuningdek, Bunyodkor shoh ko‘chasi bo‘ylab Toshkent shossesigacha oqib o‘tadigan 4,1 kilometr uzunlikdagi “Qonqus” kanalini obodonlashtirish, “Anhor” kanalining Chilonzor tumani Kichik halqa yo‘lidan Naqqoshlik ko‘chasigacha oqib o‘tuvchi 1,7 km uzunlikdagi qismini obodonlashtirish va sayilgoh tashkil etish ko‘zda tutilgan. Loyihalarning qiymati mos ravishda 28 va 17 milliard so‘mni tashkil etadi.

Chilonzor tumanidagi mahallalarda bo‘sh yotgan yer maydonlarida kamida 10 sotix maydonda 10 milliard so‘mlik kichik bog‘ va xiyobonlar tashkil etish ham dasturda nazarda tutilgan.

Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga 2023−2024-yillarda respublika budjetidan Toshkent shahar hokimligiga uch yil muddatga 100 milliard so‘m miqdorida budjet ssudasini bosqichma-bosqich ajratish topshirildi.