Facebook, Instagram va WhatsApp`ga egalik qiluvchi Meta korporatsiyasi yangi Threads ijtimoiy tarmog‘ini ishga tushirganini e’lon qildi. Ilova funksionalligi jihatidan Twitter`ga o‘xshaydi va uning bevosita raqobatchisi bo‘lishi kutilmoqda.

Threads`dagi postlar uzunligi 500 belgigacha bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari u havolalar, fotosuratlar va besh daqiqagacha bo‘lgan videolarni o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy tarmoqqa Instagram akkaunti bilan kirish mumkin. Foydalanuvchilar o‘z postlarini bir vaqtning o‘zida ham Instagram, ham Threads`da baham ko‘rishlari mumkin.

meta, threads

Threads tasmasi. Foto: about.meta.com.

Threads ilovasini 100 dan ortiq mamlakatlarda App Store va Google Play orqali yuklab olish mumkin.

Xizmat tavsifida aytilishicha, Threads — bu “jamiyatlar bugun ularni hayajonlantirgan mavzulardan tortib, ertaga nima trend bo‘lishigacha bo‘lgan hamma narsani muhokama qilish uchun birlashadigan platforma”.

Meta egasi Mark Sukerbergning aytishicha, ish boshlagan dastlabki soatlarda o‘n million foydalanuvchi yangi ijtimoiy tarmoqdan ro‘yxatdan o‘tgan.

Threads`ning ishga tushirilishi Twitter foydalanuvchilarining uni milliarder Ilon Mask tomonidan sotib olinganidan so‘ng ommaviy chiqib ketishi va u ijtimoiy tarmoqqa kiritgan tub o‘zgarishlari fonida sodir bo‘ldi.

Twitter ba’zi funksiyalar va mahsulotlarga kirishni cheklovchi Twitter Blue`ning pullik versiyasini ishga tushirdi. O‘tgan haftada bepul akkaunt egalari ko‘rish mumkin bo‘lgan tvitlar sonida cheklangan edi. Yangilik tashkilotlari orasida mashhur bo‘lgan TweetDeck asboblar paneli ham pullik bo‘ldi.

Threads Twitter bilan raqobatlashadigan birinchi ilova emas. 2023-yil boshida Twitter`ning sobiq bosh direktori Jek Dorsi hozirda faqat taklif bilan ro‘yxtadan o‘tsa bo‘ladigan Bluesky ijtimoiy tarmog‘ini ishga tushirgandi. Bundan tashqari ayrim Twitter foydalanuvchilari Mastadon platformasiga ham “ko‘chib o‘tishi” kuzatildi.