Toshkent viloyatida ichki ishlar xodimi 13 yoshli qizchani zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda, deb xabar berdi O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi faoliyat olib boruvchi Sukut saqlama (Nemolchi.uz) loyihasi. Unga esa jarblanuvchining onasi murojaat bilan chiqqan.

“Jinoyat may oyining oxirida sodir bo‘lgan. 13 yoshli qizcha dugonasi bilan ko‘chada o‘ynab yurgandi, shunda ularning qo‘shnisi mashinadagi o‘rtog‘ining oldiga o‘tirish va aylantirib kelishni taklif qilgan. Qizcha qo‘shnisini yaxshi taniganligi bois yomon hayolga ham bormagan. Keyin qizchalarni ijaraga olingan dala hovliga olib borishgan va o‘sha „do‘sti“ qizchani zo‘rlagan”, — deyiladi xabarda.

Voqeadan so‘ng qizcha tund holga tushib qolgan va o‘zini odamlardan uzoqroq tuta boshlagan. Uydagilari oradan bir hafta o‘tgachgina voqea haqida bilib qolishgan va qizchaning onasi ichki ishlarga ariza yozgan. “Ekspertiza ham yana bir hafta o‘tgach tayinlangan, natijasi haqida esa uzoq vaqtgacha aytishmagan”, — deya qayd etdi Nemolchi.uz.

Qizchalarni olib ketishganini ko‘rgan guvohlar va dala hovli egasi ham ko‘rsatma bergan. Gumondor Toshkent shahri Yashnobod tumanida ishlovchi, Muzaffar ismli profilaktika inspektori ekanligi aniqlandi.

“Mening qizim hammaning oldida uni tanidi, u esa turgan holatda ustimizdan kuldi”, — dedi qizchaning onasi.

Onaning so‘zlariga ko‘ra, gumondor va uning qarindoshlari unga va uning oilasiga tahdid qilishgan. Tahdidlar bir necha bor takrorlangan, hattoki ichki ishlar organlari va prokuratura xodimlari guvohligida ham davom etgan. Ayol tahdid holati bo‘yicha ham ariza yozgan. Biroq hozircha bu murojaat yuzasidan biron-bir harakat amalga oshirilmagan.

Jabrlanuvchining onasi, gumondorga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish —
15 yildan 20 yilgacha qamoq bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Loyiha ma’lum qilishicha, gumondor hozir sudga qadar hibsga olingan va lavozimidan bo‘shatilgan.

Tuman prokuraturasi rahbarining o‘rinbosari bu ishni o‘z nazoratiga olgan.