Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rinadi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ularni qanday yoritgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — barini “Eski gazetalar sharhi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

1933-yil 6-iyul, payshanba

SSSRning birinchi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 10 yil to‘lgan. Shu munosabat bilan markaziy gazetalarning 1933-yil 6-iyul soni sovetlar davlati 10 yil ichida qanday taraqqiy topgani haqidagi materiallarga to‘la. Xususan, “Qizil O‘zbekiston”ning shu kungi bosh maqolasida “kapitalizm olami — o‘lim to‘shagida” ekani, Sovet Ittifoqining bayrog‘i “bugun dunyoning oltidan bir qismi ustida hilpillayotgan bo‘lsa, ertaga u Butun Dunyo Sho‘ro Sotsialistik Jumhuriyatlari ustida hilpillayajagi” ta’kidlanadi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 6-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 6-iyul sonidan

O‘zbekiston hukumati rahbari Fayzulla Xo‘jayevning ushbu sana munosabati bilan e’lon qilgan “Ittifoq Konstitutsiyasining 10 yilligi” sarlavhali maqolasida o‘zbekistonliklar oktabr inqilobining sharofati bilan “o‘z mamlakatlarining haqiqiy xo‘jayini”ga aylanganliklarini, O‘zbekistonni Sovet Ittifoqining “mustaqil jumhuriyatlaridan biriga aylantirganliklari”ni qayd etib o‘tgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 6-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 6-iyul sonidan

O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston qanday o‘sishga erishgani haqida infografikalar ham berilgan:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 6-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 6-iyul sonidan

Sovet matbuoti “kapitalizm — o‘lim to‘shagida” deya bong urishiga qaramay, aynan kapitalistik mamlakatlarning e’tibori Sovet Ittifoqi uchun zarur. Masalan, tashqarida 1933-yil bo‘lsa-da, AQSh hali ham SSSRni bir davlat sifatida tan olmagan. Shu niyatda Amerika jamoatchiligi mamlakat hukumatini SSSRni tan olishga majburlashi uchun turli targ‘ibot ishlari olib boriladi. Amerika ilmiy-tadqiqot institutlaridan biri tomonidan Sho‘ro-Amerika munosabatlarini o‘rganish qo‘mitasi tuzilishi ham shunday targ‘ibot ishlarining bir parchasidir.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 6-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 6-iyul sonidan

“Qo‘mita Sho‘ro-Amerika munosabatlariga tegishli haqiqiy faktlarni yig‘ib, e’lon etajak. Institut ko‘p amaldorlardan, ziyolilardan, siyosat arboblaridan SSSR tanish masalasiga juda xayrixohlik bilan qaraganliklarini ko‘rsatgan juda ko‘p xatlar oldi”, — deyiladi “Qizil O‘zbekiston”da e’lon qilingan bu haqdagi axborotda.

1963-yil 6-iyul, shanba

O‘zbekiston paxta dalalarini tekshirishga kelgan qardoshlar tarkibi to‘ldi — oxirgi bo‘lib Ozarbayjon vakillari ham yetib kelgan. “O‘zbek paxtakorlari qardosh respublika dehqonlarining vakillari bergan qimmatli maslahatlar uchun chin ko‘ngildan rahmat aytyaptilar”, — deyiladi “Qizil O‘zbekiston”ning “Musobaqadoshlar respublikamiz paxta dalalarida” materialida.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 6-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 6-iyul sonidan

O‘zbekiston o‘z qo‘shnilari — Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan faqat paxta masalasida maslahatlashib, raqobatlashmaydi. Yem-xashak, chorva mollari, sut, tuxum, jun tayyorlash bo‘yicha ham “musobaqalar” bor. Sut va jundan boshqa barchasida O‘zbekiston — peshqadam.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 6-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 6-iyul sonidan

Mintaqaviy masalalardan mahalliy maishiy mavzularga o‘tamiz — Xo‘jaobod tumanida “sovet savdosi prinsiplarini buzib kelgan” magazin sotuvchisi fosh qilingan. Masalan, u bir dona piyolani 46 tiyin o‘rniga 50 tiyindan sotgan — ya’ni ortiqcha 4 tiyinni o‘zi uchun olgan. “Qizil O‘zbekiston” gazetasi tomonidan “yulg‘ich” deya ta’riflangan sotuvchi sud qilingan, mol-mulki musodara etilgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 6-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 6-iyul sonidan

1993-yil 6-iyul, seshanba

Shu kungi barcha markaziy gazetalardagi bosh xabar — prezident Islom Karimov Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Istanbulda bo‘ladigan konferensiyasida qatnashish uchun Turkiyaga jo‘nab ketgan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 6-iyul sonidan“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 6-iyul sonidan

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulhoshim Mutalov futbolni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan majlis o‘tkazgan.

O‘zbekiston mustaqilligining 2 yilligi bahona korxona va tashkilotlarning jamoalari, aftidan, “majburiy-ixtiyoriy” tartibda “ish haqi olmasdan bir kun qo‘shimcha ishlab berish” va shu kungi ish evaziga topilgan mablag‘ni “Sog‘lom avlod uchun” xayriya jamg‘armasi hisobiga o‘tkazish kampaniyasini boshlagan. Masalan, “O‘zbekengilsanoat” uyushmasi korxonalari 100 mln so‘m, birgina “Yulduz” tikuvchilik birlashmasi esa 15 mln so‘mni “Sog‘lom avlod uchun”ga o‘tkazishga qaror qilgan va boshqalarni ham shunga chaqirgan.

Yangi tashkil etilgan bu jamg‘armani pul bilan ta’minlash “kampaniyasi”ni bungacha uning ta’sischisi — O‘zbekiston hukumati boshlab bergan: Vazirlar Mahkamasi jamg‘armasidan 1 mlrd so‘m ajratilgan. Toshkent shahar hokimligi 100 ming dollar, “O‘zbekneftgaz” konserni 20 mln so‘m, Kim Pen Xva nomidagi xalq korporatsiyasi 5 mln so‘m, Germaniyaning “Intermed” firmasi 5 ming marka pul ajratgan. Va hali hammasi emas: “Xayriya tadbiri davom etadi”, — deb yozadi “Xalq so‘zi” gazetasi.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 6-iyul sonidan“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 6-iyul sonidan

Sergelining 5-mavzesida hovli to‘ylari:

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 6-iyul sonidan“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 6-iyul sonidan

“O‘zDEUavto” kompaniyasi esa yuzlab odamlarni ishga olish bo‘yicha e’lon qilgan. Xo‘sh, 1993-yili bu kompaniyaga ishga kirish nima beradi? O‘zbekistonning mashinasozlik kompleksidagi o‘rtacha ish haqidan 2−3 baravar ko‘p maosh va Janubiy Koreyaga borib, ish o‘rganib kelish imkoniyati.

Respublika prokuraturasidan ma’lum qilishlaricha, “O‘zdavneftmahsulot” tizimiga qarashli ayrim mansabdorlarning jinoiy yo‘l bilan topilgan 22 mln so‘mi, 16 ming dollari, 4 kilo oltini, o‘qotar qurollari, “Chayka”, “Mersedes”, “Jiguli” mashinalari olib qo‘yilgan, gumonlanuvchilarning o‘zi qamoqqa olingan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 6-iyul sonidan“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 6-iyul sonidan

Toshkent militsiyasi uchun 30 ta yangi avtomobil — ular orasida “Janubiy Koreyaning katta qulayliklarga ega bo‘lgan Tico markali avtomashinalari” ham bor. “Toshkent oqshomi”ning mashinalarni topshirishga bag‘ishlangan xabarida shunday deyiladi: “Tartibni saqlash posbonlariga ko‘rsatilayotgan bu g‘amxo‘rliklarga javoban poytaxt militsiyasi xodimlari Toshkentda osoyishtalik bo‘lishi uchun kuch-g‘ayratlarini ayamasliklariga ishonamiz”.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 6-iyul sonidan“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 6-iyul sonidan