O‘zbekiston ichki bozorlarida shakarning chakana narxi 12 000−13 500 so‘mgacha pasayib yoki yil boshiga (13 500 — 14 500 so‘m) nisbatan 10 foizga arzonlashdi, deya xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Qo‘mita respublikada yillik umumiy ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonnadan ortiq bo‘lgan mahalliy shakar ishlab chiqaruvchi (“Xorazm shakar” MCHJ va “Angren shakar” MCHJ) korxonalarda mamlakat ichki ehtiyojining (o‘rtacha 650 ming tonna) 138 foizdan ortig‘ini qoplash imkoniyati mavjudligini qayd etgan.

Mahalliy korxonalar tomonidan yanvar-iyun oylarida birja savdolariga jami 336,7 ming tonna shakar qo‘yilib, uning 280,1 ming tonnasi (83 foizi) sotilgan.

Iyun oyida shakarning 1 tonnasi uchun o‘rtacha sotilish narxi spot bitimlarida (to‘lov darhol amalga oshiriladigan bitim shakli) o‘rtacha 14 foizga va forward bitimlarida (to‘lov bitim tuzilganidan kamida 3 ish kuni o‘tib amalga oshiriladigan bitim shakli) o‘rtacha 15 foizga pasaygani kuzatilgan.

“Mazkur holat chakana narxlarga ham ta’sir etib, bugungi kunda ichki bozorlarda shakarning chakana narxi 12−13 ming so‘mgacha tushgani kuzatilmoqda yoki yil boshiga (13−14 ming so‘mni) nisbatan 10 foizga pasaygan”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini Braziliyadan xarid qilmoqda. 3-iyul holatiga bu zavodlarda 389 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjudligi hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangani aytilgan.

Qo‘mita shakar mahsuloti narxlarining keskin oshishi hamda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarining oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgani va doimiy nazorat o‘rnatilganini qayd etgan.

Avvalroq Statistika agentligi hisobotida shakar iyun oyida 1,8 foizga arzonlashgani, lekin so‘nggi bir yilda mahsulot narxi 13,4 foizga o‘sgani qayd etilgandi.