O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi. Uchrashuvda nomzod saylovchilarni o‘zining saylovoldi dasturidagi jamoat transporti bilan bog‘liq bandlari bilan tanishtirdi.

“Poytaxtda ekologik barqarorlikni ta’minlash, uni toza havoli megapolislardan biriga aylantirish ishlarini jadallashtiramiz. Shu bois, 2030-yilga qadar havoga chiqariladigan zararli gazlar miqdorini 150 ming tonna yoki 50 foizga qisqartiramiz”, — dedi nomzod.

Uning qayd etishicha, shaharga qo‘shimcha 1200 ta elektrobus olib kelinadi va ularning jamoat transportidagi ulushi 50 foizga yetkaziladi.

“Qolgan avtobuslar zararli chiqindisi 3 barobar kam bo‘lgan tabiiy gaz yoqilg‘isiga o‘tkaziladi. Ya’ni, dizel yoqilg‘isida harakatlanadigan birorta avtobus qolmaydi”, — dedi nomzod.

Nomzodning ta’kidlashicha, yo‘l-transport boshqaruvini raqamlashtirish hisobiga “xavfsiz va ravon yo‘l” tamoyilini ham keng joriy qilinadi.

Bunda, ilg‘or xorijiy tajriba asosida tirbandlikni kamaytirish maqsadida:

  • barcha chorrahalarda (605 ta) “aqlli chorraha” va “aqlli svetofor” boshqaruv tizimi amalga kiritiladi (hozir — 64 ta);
  • shaharga 5 ta kirish joyida va yo‘lovchi oqimi yuqori bo‘lgan 6 ta metro bekati atrofida ko‘p qavatli avtoturargohlar tashkil qilinadi;
  • tirbandlik yuqori bo‘lgan ko‘chalarda 12 ta yo‘l o‘tkazgich quriladi, yo‘llar bo‘yida 3 ming o‘ringa ega zamonaviy parkomatlar o‘rnatiladi.

“Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida, Do‘stlik metro bekatidan “Yangi Toshkent”ga qadar uzunligi 15 kilometr bo‘lgan, 115 ming yo‘lovchi tashish quvvatiga ega yer usti metro yoki tramvay liniyasi tortiladi”, — dedi nomzod.