4-iyul kuni tushdan keyin Rossiya qo‘shinlari Xarkov viloyatining Pervomayskiy shahrini o‘qqa tutdi, deya xabar bermoqda Ukraina Ichki ishlar vazirligi.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, raketa zarbasi oqibatida kamida 31 kishi, jumladan, 10 bola jarohatlangan. Eng kichik yoshdagi bolalar uch va to‘qqiz oylikdir.

Xarkov viloyati ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning aniqlik kiritishicha, zarba “Iskander” raketasi bilan berilgan. To‘qqizta turar-joy binosi vayron bo‘lgan, ularning oynalari singan. Shuningdek, to‘xtash joyidagi bir nechta mashinada ham yong‘in sodir bo‘lgan.

“Yaqinda faqat turar-joy binolari bor. Bu shaharning tinch hududi, u yerda birorta ham harbiy inshoot yo‘q”, — deyiladi IIV xabarida.

3-iyul kuni Rossiya armiyasi kamikadze dronlari yordamida Ukrainaning Sumi shahrini ham o‘qqa tutgan edi. Ulardan biri turar-joy binosiga tushgan. 21 kishi jarohat oldi, uch kishi halok bo‘ldi.