Rossiya texnologik firmalari Telegram, WhatsApp va Signal messenjerlari foydalanuvchilarini onlayn nazorat qilish vositalarini faol ravishda ishlab chiqarmoqda hamda o‘z mahsulotlarini turli mintaqalarga, jumladan, Markaziy Osiyoga sotishga harakat qilmoqda. Bu haqda The New York Times surishtiruvida so‘z boradi.

Nashr “ichki yozuvlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan shaxsdan yuzlab fayllarni” olgan. Ulardan 40 ga yaqini kuzatuv vositalarini batafsil tavsiflaydi.

NYT materialidagi asosiy ma’lumotlar

Rossiya hukumati so‘nggi yillarda fuqarolarni raqamli nazorat qilish uchun vositalar arsenalini to‘pladi hamda “tezda Xitoy va Eronga yetib oladi”, deb yozadi NYT. Ukrainadagi urush Rossiya razvedka xizmatlarining mamlakat ichidagi norozilik bilan kurashish uchun bunday texnologiyalarga bo‘lgan talabini oshirdi.

Ushbu raqamli vositalar Telegram, WhatsApp va Signal ilovalari foydalanuvchilarining faolligini kuzatishi mumkin: telefonlar joylashuvini, anonim foydalanuvchilarni aniqlash, odamlarning akkauntlarini buzish, kimning kim bilan, qayerda va qachon gaplashayotganini aniqlash. Gazetaning qayd etishicha, bu dasturlar xabarlarning o‘zini o‘qiy olmaydi.

Kuzatuv dasturlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning aksariyati bir vaqtlar tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan qisman nazorat qilingan “Sitadel” kompaniyalar guruhiga tegishli.

NYT keltirib o‘tgan AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, “Sitadel” kuzatuv uchun Rossiyaning yirik raqamli uskunalar ishlab chiqaruvchilarini sotib olgan va ayni paytda telekommunikatsiyalarni monitoring qilish texnologiyalari bozorining 60 dan 80 foizgachasini nazorat qilmoqda.

“Sitadel”ning MFI Soft, NetBeholder sho‘’ba korxonalari kimningdir bir nechta telefonlardan foydalanayotgani yoki telefonlar kun davomida qayerda bo‘lganini aniqlay oladi. NetBeholder, shuningdek, odamlar Telegram, WhatsApp va Signal orqali ovozli qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirgani yoki fayllarni yuborganini ham bilib olishi mumkin.

“Sitadel”ning boshqa bir kompaniyasi — Protei esa tutib olingan telefon qo‘ng‘iroqlarini matnga o‘zgartira oladigan mahsulotlar, shuningdek, “shubhali xatti-harakatlar”ni aniqlash vositalarini taklif etadi.

Avval bu kabi ma’lumotni faqat dastur ishlab chiqaruvchilaridangina olish mumkin edi. “Ko‘pchilik bunday mahsulotlarni nazariy jihatdan mumkinligini bilgan bo‘lsa-da, hech kim ularni rossiyalik pudratchilar tomonidan ishlab chiqarilayotganini bilmas edi”, deb yozadi NYT.

Signal, Telegram va WhatsApp ishlab chiquvchilari “bunday kuzatuvdan himoyalanish vositalari kam”. “Shifrlash ma’lum bir almashinadigan xabarlarni yashirishi mumkin, ammo almashinuv haqidagi ma’lumotlarni bloklay olmaydi”, deb ta’kidlaydi NYT. Ilova vakillari buni tasdiqlashdi.

Signal foydalanuvchilarni manba va manzilni yashirish uchun boshqa server orqali trafik yuboradigan xususiyatdan foydalanishga undadi. Telegram esa trafikni aniqlash va kuzatishni qiyinlashtirish uchun messenjer tomonidan yaratilgan funksiyalardan foydalanishni maslahat berdi.

Kuzatuv vositalarining ba’zilari Rossiyadan tashqarida tarqala boshladi. NYT tomonidan ko‘rib chiqilgan hujjatlar rossiyalik ishlab chiquvchilar o‘z texnologiyalarini Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo, shuningdek, Afrika, Yaqin Sharq va Janubiy Amerikada sotmoqchi ekanligini ko‘rsatmoqda. Protei texnologiyalari allaqachon Eronda va Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida qo‘llanilmoqda.

Rossiyalik mutaxassislarning fikri

Fuqarolarning raqamli huquqlarini himoya qilish bo‘yicha “Roskomsvoboda” loyihasi, ekspertlarga tayanib, NYT materialida hech qanday sensatsiya yo‘qligini hamda ma’lumot olishning keltirib o‘tilgan usullari “maxsus xizmatlar tomonidan yillar va hatto o‘nlab yillar davomida qo‘llaniladi” deb ta’kidladi.

“Operator haqiqatan ham trafikning xarakterli belgilariga ko‘ra ma’lum IP-manzillar o‘rtasida qo‘ng‘iroq yoki matnli yozishmalar bo‘lganini aniqlay oladi, biroq u messenjerda shifrlash funksiyasiga ega bo‘lsa, ichkariga qaray olmaydi. Agar IP-manzillar chet elda bo‘lsa, ma’lumotlarni olishni qiyinlashtiradi, shuning uchun bu yerda VPN`ni yoqish sizni kuzatishga qaror qilgan odamni chalkashtirib yuborishga yordam beradi”, — deyiladi munosabatda.

“Roskomsvoboda” rahbari Artem Kozlyuk “Sibir. Realii”ga bergan izohida Rossiya yoki xorijiy razvedka xizmatlarining Signal va WhatsApp`ni, shuningdek Telegramyo`dagi maxfiy chatlarni buzishi mumkinligiga shubha bildirdi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, onlayn kuzatuv ma’lumotlari razvedka idoralariga foydalanuvchilar o‘rtasida aloqa o‘rnatishga yordam beradi va “odamning juda yaqin aloqasi borligini, bu tasodifiy suhbat emasligini tushunishga” yordam beradi.

Inson huquqlari bo‘yicha “Tarmoq erkinliklari” (“Setevыye svobodы”) loyihasining fikricha, NYT surishtiruvidagi “hech narsa unchalik inqilobiy emas”. Loyiha ekspertlarining ta’kidlashicha, shifrlangan xabarlar trafigini tahlil qilishda “hatto o‘nlab moslik” ham “bu ikki foydalanuvchining aloqasini aniq ko‘rsata olmaydi, chunki hech kim ularga messenjerlardan turli maqsadlarda sinxron foydalanishni taqiqlamaydi”.

“Ushbu ishlanmalarning bitta muhim „kamchiligi“ bor: VPN`dan foydalanish ularning samaradorligini nolga tushiradi, chunki VPN tunneli ichida ma’mur ishtirokisiz tutib oluvchilar tomonidan bunday trafikni tahlil qilish mumkin emas. 24/7 rejimida yoqilgan VPN 2023-yilda kommunikatsiyalar xavfsizligi standarti hisoblanadi”, — ta’kidlanadi loyihada.

Kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspertlarning “Agentstov” Rossiya internet-nashriga ma’lum qilishicha, Rossiya razvedka xizmatlari tomonidan qo‘llaniladigan dasturiy ta’minot abonentlar Rossiyada bo‘lsa va VPN`dan foydalanmasa? ma’lumotlarni kuzatishga yordam beradi.