“Kompromatuzb ishi” bo‘yicha bo‘yicha jinoyat ishi sudga yuborildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz 2023-yilning yanvar oyida Human.uz nashri direktori Xurshid Daliyev (shuningdek Muxbir Daliyev blogi muallifi) va bosh muharrir Muslim Mirzajonov (keyinchalik ozodlikka chiqarilgan) hibsga olingandi. Keyinroq Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi) matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva hibsga olingandi.

Ish bo‘yicha Xurshid Daliyev (1984-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bilan ayblanmoqda:

  • 139-moddasi 2-qismi (Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish);
  • 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda tovlamachilik);
  • 184-moddasi 3-qismi (Juda ko‘p miqdorda soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash);
  • 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish).

Siyovush Hoshimov (1983-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining:

  • 139-moddasi 2-qismi;
  • 165-moddasi 3-qismi “a” bandi;
  • 25,165-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda tovlamachilik sodir etishga suiqasd qilish)
  • 243-moddasi bilan ayblangan.

Ahmadullo Ahmadjonov (2004-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining:

  • 139-moddasi 2-qismi,
  • 165-moddasi 3-qismi “a” bandi
  • 25,165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblangan.

Mavjuda Mirzayeva (1973-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining:

  • 165-moddasi 2-qismi “a”, “b”, “v” bandlari (takroran, ko‘p miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan tovlamachilik) bilan ayblangan.

Jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining ish yurituviga kelib tushgan bo‘lib, ayni paytda ushbu jinoyat ishi “E-XSUD” elektron axborot tizimi orqali sudyalar o‘rtasida taqsimlanish jarayonida.

Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra jinoyat ishi bo‘yicha 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy da’vogar mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 5 milliard 138 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.