Turkiyaning Hatay provinsiyasi aholisiga O‘zbekiston fuqarolari mablag‘lari hisobidan sotib olingan modulli uylar topshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Avvalroq 100 ta turar joy konteyneri Istanbuldagi o‘zbek diasporasi tomonidan 2016-yilda tashkil etilgan Sayhun ta’lim va madaniyat uyushmasi tomonidan o‘rnatilishi, ularda yotoqxona, oshxona, hammom va hojatxona bo‘lishi va unga bemalol bir oila sig‘ishi mumkinligi haqida yozgandik.

Iyun oyi oxirida 57 ta modulli uyni provinsiya aholisiga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Antakya provinsiyasi hokimi Izzettin Yilmaz, siyosiy partiyalarning provinsiya filiallari rahbarlari, provinsiya huquq-tartibot idoralari vakillari, shuningdek, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi va bosh konsulligi xodimlari ishtirok etdi.

Fevral oyida epitsentri Qahramonmarash bo‘lgan zilzilalardan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida O‘zbekiston Hatay viloyatining Ovakent tumanini qayta tiklashga yordamlashishi, uy-joylar, zamonaviy maktab va infratuzilma obyektlarini qurishda ishtirok etishini bildirgandi.

Turkiyada 6-fevral kuni qariyb 100 yil ichidagi eng kuchli zilzilalardan biri sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 50 783 kishi halok bo‘lgan, 297 kishi bedarak yo‘qolgan va 107 204 kishi jarohatlangan. Zilzila kamida 15,73 million odam va 4 million binoga ta’sir ko‘rsatgan. 345 mingga yaqin xonadon vayron bo‘lgan.