Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rinadi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ularni qanday yoritgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — barini “Eski gazetalar sharhi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

1933-yil 4-iyul, seshanba

O‘zbekistonning markaziy gazetalarida bundan 90 yil avval ham, xuddi hozirgidek, mamlakat rahbariyati qabul qilgan muhim hujjatlar e’lon qilib borilgan. O‘zbekiston Kommunistik partiyasining “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 4-iyul sonida berilgan “Paxta va g‘alla rayonlari qishloq sho‘ro raislarining kengashini chaqirish to‘g‘risida”gi 1-iyul qarori ham shular jumlasidandir.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 4-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 4-iyul sonidan

Partiyaning shu qarori bilan, xususan, O‘zbekiston hukumati rahbari Fayzulla Xo‘jayevga “qishloq sho‘rolarining qishloqni sotsialistik qurishning hozirgi davridagi roli haqida maqolalar yozish, bu maqolalarda paxtani ishlash va g‘allani yig‘ish, yanchish va tayyorlash masalalariga alohida ahamiyat berish va bu maqolalarni jumhuriyat va mahalliy matbuotga tarqatish” topshirig‘i berilgan.

Paxta — eng muhim masala. Bu borada, umumiy sarlavhada ta’kidlaganidek, “sudralishni oqlovchi hech qanday sabab yo‘q”. Shu boisdan G‘uzor tumanidagi ahvol tanqid ostiga olingan. “G‘uzorda paxta ikkinchi daraja ahamiyatli ekinlar qatoriga tushib qolgan. Bunda sabzavotchilik, polizchilik ishlariga ko‘proq ahamiyat beriladi… Bunday ahvolga xotima berish kerak”. Mana shu ahvol sabab G‘uzor “Qora taxtaga nomzodlar” qatorida.

Buxoroning G‘ijduvon va Andijonning Zelenskiy (hozirgi Asaka) tumanlari esa, “paxta chopig‘i yuzasidan zarbali vazifalarni ortig‘i bilan bajarib kelayotgani” uchun “taxta”ning yaxshisi — “Qizil taxtaga nomzodlar” qilib tasdiqlangan (ko‘rib turganingizdek, hududlarni ilg‘or-qoloqligiga qarab, turfa ranglar bo‘yicha guruhlab chiqish amaliyoti bundan bir asrcha avval ham bo‘lgan).

1933-yili mevalarning hosili qanday ahvolda edi? “Bog‘lardagi meva daraxtlarining yarmi sovuqdan qaqshadi. Shuning uchun olma va noklarning hosili o‘tgan yilgi hosilning 15 protsentini tashkil qiladi. O‘riklarning hosilini o‘rtacha deb hisoblash mumkin”, — deyiladi “Uzumning hosili uch baravar ortiq” sarlavhali materialda.

Ayni vaqtda “Soyuzplodovoshch”ning O‘zbekiston kontorasi sabzavot va mevalarni tayyorlashga qoniqarli darajada tayyorlangan emas, deyiladi “Meva yana egasi” sarlavhali axborotda. Unda ta’kidlanishicha, “uzun joylash uchun kerak bo‘laturgan g‘alvirlar talabning 56 protsentini ta’minlaydi. Pomidor joylayturgan yashiklar ham oz… Jumhuriyatning bochkaga bo‘lgan ehtiyoji faqat 6,7 protsent ta’minlangan, xolos”.

Yana bir muhim masala — hashak tayyorlash (oradan 30 yil o‘tib gazetalarda bu jarayon alohida reja-jadval ko‘rinishida berib boriladi).

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 4-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 4-iyul sonidan

Dunyoda nima gap? “Germaniya Versal ahdnomasiga qaramasdan, zo‘r berib qurollanayotir. Dyusseldorfdagi Reyn „Metalverke“ zavodida 150 millimetrlik zambaraklar ishlab chiqaradilar. Urush zakazlarini bajaruvchi ba’zi ma’dan, to‘qimachilik, kimyo va motor ishlab chiqarish zavodlari to‘la nagruzka bilan ishlaydilar”, — deyiladi “Germaniya zo‘r berib qurollanmoqda”. Bundan tashqari, natsistlar hukumati yot fikrlovchi kishilarga chora ko‘rilishi haqida ogohlantira boshlagan.

“Qizil O‘zbekiston”ning 1933-yil 4-iyul sonida bir qiziq reklama bor. Semashko nomidagi fizioterapiya va kurortoogiya instituti huzurida quyosh bilan davolash xonasi bor bo‘lib, bu yerda yana suv bilan ham davolanish mumkin. “Kasallar shahar sog‘liqni saqlash bo‘limining yo‘llanma qog‘ozi bo‘yicha va pulga qabul qilinadi”, — deyiladi reklamada.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 4-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 4-iyul sonidan

1963-yil 4-iyul, payshanba

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 4-iyul sonida bosh mavzu — qishloq xo‘jaligi, ammo gazetaning yarmi Germaniya Demokratik Respublikasiga safar qilgan SSSR yetakchisi Nikita Xrushchyovning Berlindagi nutqiga ajratilgan. U o‘z nutqida AQSh prezidenti Jon Kennedidan jahli chiqqanini yashirib o‘tirmagan va Amerikani “ko‘rpasiga qarab oyoq uzatish”ga chaqirgan.

Mamlakat rahbarining nutqi, chiqishlari xorijiy matbuotda qanday aks-sado bergani haqidagi axborot — eski matbuotning muhim atributlaridan biridir.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 4-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 4-iyul sonidan

Berlindan o‘zimizga qaytsak: Toshkent viloyatida O‘zbekiston energetikasining katta yutug‘i — Ohangaron GRESning so‘nggi sakkizinchi turbogeneratori ishga tushirilgan va shu tariqa stansiyaga o‘rnatilgan barcha turbogeneratorlarning quvvati 600 ming kilovattga yetgan. “Bu yil Navoiy GRES sanoatga dastlabki tok berdi. Yil oxirigacha Toshkent GRESida 150 ming kilovatt quvvatli birinchi turbogeneratorni va Taxiatosh GRESida uchinchi turbogeneratorni ishga tushirish mo‘ljallanadi”, — deyiladi gazeta xabarida.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 4-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 4-iyul sonidan

Ilg‘or xo‘jaliklar haqidagi xabarlar bir qiziq — ular deyarli barcha rejalarni nuqul ortig‘i bilan, rekord ko‘rsatkichlar bilan bajaradi. Eng kamida 100 foizga bajaradi. Sirdaryo viloyatidagi “Xovos” sovxozi ham shundaylardan (baxtga qarshi, bunday “rekordlar”, bunday reja bajarishlar har doim ham haqqoniy, haqiqiy bo‘lmagan).

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 4-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 4-iyul sonidan

Sovet davrida qiziq bir amaliyot bo‘lgan — xo‘jaliklar, tumanlar, viloyatlar, respublikalar bir-biri bilan musobaqalashgan. Rasman. Ma’lum bir sohalarda. Masalan, paxta yetishtirishda. Musobaqalashayotgan tomonlar bir-birini yaxshi niyatda tekshirib, bir-biridan o‘rganib ham turgan. 1963-yil iyulida shunday musobaqaviy o‘rganishlar Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘istondan “tekshiruvchilar” O‘zbekistonga kelgan. Gazetalarning kelgusi sonlarida mehmonlarning taassurotlari, taklif va tanqidlari ham e’lon qilinadi.

Gazetaning bir chekkasida Ukrainada respublika rahbariyati o‘zgargani haqida axborot berilgan. Shu vaqtgacha Ukrainani boshqarib kelgan Nikolay Podgorniy ittifoq darajasidagi yuqoriroq lavozimga ko‘tarilgani munosabati bilan uning o‘rniga Pyotr Shelest Ukraina Kompartiyasi birinchi kotibi etib saylangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u SSSR yetakchisi Nikita Xrushchyovning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatmasi asosida Ukrainaga rahbar etib tayinlangan, ammo oradan bir yil o‘tib, Xrushchyovning hokimiyatdan ketkazish jarayonining eng faol ishtirokchilaridan biri bo‘lgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 4-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 4-iyul sonidan

Dunyoda nima gap? “Braziliyada passajir samolyoti yerga qo‘nish paytida yilib tushgan”, deb yozadi “Qizil O‘zbekiston”. Hodisa oqibatida samolyotdagi 15 kishining 13 nafari halok bo‘lgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 4-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 4-iyul sonidan

1993-yil 4-iyul, yakshanba

O‘zbekistonda 1990-yillar boshida yakshanba kunlari markaziy gazetalar chop etilmagan (xuddi hozirgidek).