Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Buxorodagi “Poyi kalon” me’moriy majmuasi yonida qiz va yigitning raqsga tushganiga munosabat bildirdi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari yoshlarning xatti-harakatlarini qoraladi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, video 2022-yil iyul oyida tasvirga olingan. G‘ijduvon tumanida yashovchi fuqaro Samarqanddagi texnikum o‘qiydigan tanishi (ikkalasi ham 2004-yilda tug‘ilgan) bilan birga soat 5:00 da Buxoroning tarixiy qismida joylashgan “Poyi kalon” me’moriy ansambliga kelib, “turli beo‘xshov qiliqlar” qilishgan.

Raqs telefonda tasvirga olingan va shaxsi aniqlanayotgan tanishi tomonidan internetda tarqatilgan. U aniqlangandan so‘ng, “qonunda nazarda tutilgan jazoning muqarrarligi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.

Buxoro IIO FMB tomonidan yoshlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.