O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan 4-iyul kuni SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining videoanjuman shaklida o‘tadigan navbatdagi majlisida ishtirok etadi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Sammit kun tartibiga muvofiq, SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, tashkilot faoliyatini kengaytirish va takomillashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi, deyiladi xabarda.

Uchrashuv yakunida SHHT davlatlari rahbarlari tomonidan iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, madaniy-gumanitar soha va boshqa ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha bir qator qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Avvalroq tadbir Nyu-Dehlida o‘tkazilishi kerak bo‘lgani, biroq bir qator yetakchilarning vaqt jadvalidagi qiyinchiliklar sababli format o‘zgargan bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan edi.

Tadbirga SHHTga a’zo barcha davlatlar taklif etilgan: Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston. Yana uch davlat — Eron, Belarus va Mo‘g‘uliston sammitda kuzatuvchi, Turkmaniston esa rais mehmoni sifatida ishtirok etadi.

Bundan tashqari, oltita xalqaro va mintaqaviy tashkilot rahbarlari taklif etilgan: BMT, JSHOMA (Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi), MDH, KXSHT, YeOII va SISA (Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha konferensiya).

Oxirgi marta SHHT sammiti 2022-yil sentabr oyida Samarqandda o‘tkazilgandi. Yakunda tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari Samarqand deklaratsiyasini imzoladi.