Toshkentda avtomobil olib qochildi. Gumonlanuvchini to‘xtatish uchun o‘qotar quroldan o‘q otildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar qildi.

2023-yilning 3-iyul kuni taxminan soat 07:40 larda Mirobod tumani, Qo‘yliq — 4 mavzesida joylashgan avtomobil yuvish shoxobchalarining biridan, shu yerda ishlovchi 1998-yilda tug‘ilgan A.M., fuqaro 1995-yilda tug‘ilgan D.K.ga tegishli Gentra avtomashinasini olib qochgan.

Transport vositasini olib qochgan shaxsni ushlash maqsadida Toshkent shahrida maxsus reja amalga oshirilgan. Gumonlanuvchi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, transport vositasini katta tezlikda boshqargan va svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga hamda yo‘l-patrul xizmati inspektorlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmagan.

Olingan ma’lumotga asosan transport vositasi Maxtumquli ko‘chasi bo‘ylab Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidan “Yangi O‘zbekiston bog‘i” tomonga harakatlanib ketayotgani aniqlangan.

Soat 09:45 larda Maxtumquli ko‘chasidagi chorrahada Toshkent shahar IIBB YHXB inspektorlari tomonidan yo‘l to‘silib, olib qochilgan transport vositasini to‘xtatish choralari ko‘rilgan. Biroq gumonlanuvchi YPX inspektorlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, to‘xtashdan bosh tortgan hamda transport vositasida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirib, yo‘lda qarama-qarshi harakatlangan. Oqibatda 3 ta avtomashinaga qasddan texnik shikast yetkazib, ichki ishlar organi xodimlarining hayotiga xavf tug‘dirgan holda transport vositasini IIO xodimlari tarafga boshqarishda davom etgan.

“Avtomashinani olib qochgan shaxs Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan ushlangan. Jinoyat sodir etgan shaxsni ushlash jarayonida boshqa og‘irroq oqibatlarni oldini olish maqsadida “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni talablari asosida IIO xodimlari o‘zlariga biriktirilgan o‘qotar qurolni qo‘llaganlar. Qurolni qo‘llash jarayonida hech kimga shikast yetmagan”, — deyiladi IIBB xabarida.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchi protsessual tartibda ushlangan.