2023-yil iyun oyida O‘zbekistonda 0,3 foizlik deflyatsiya qayd etildi. Bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligi hisobotida ma’lumot berildi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, iste’mol narxlari indeksining pasayishiga o‘tgan oy davomida o‘rtacha 1,1 foizga arzonlashgan oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat mahsulotlari esa 0,4 foizga, xizmatlar esa 0,2 foizga qimmatlashgani sabab bo‘lgan.

Yil boshidan buyon (yanvar-iyun oylarida) inflyatsiya 3,45 foizgacha pasaydi. Yillik inflyatsiya 9,03 foizgacha tushdi, bu 2016-yil avgustidan buyon eng past (8,6%) ko‘rsatkich hisoblanadi. Yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 10,5 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 7,9 foizga, xizmatlar 8 foizga qimmatlashdi.

Iyun oyida alohida mahsulotlar kontekstida guruch va guruch oqshog‘i 2,8 foizga (yillik hisobda o‘tgan yilning iyuniga nisbatan 51,4 foiz), suyakli mol go‘shti 1,2 foizga (13,8 foiz), qo‘y go‘shti 1,1 foizga (13,4 foiz), sut 0,7 foizga (18,3 foiz) ko‘tarildi.

Un 2 foizga (yil davomida 2,8 foiz), tuxum 3,7 foizga (yil davomida 11 foiz), kungaboqar yog‘i 3 foizga (-14,7 foiz), shakar 1,8 foizga (+13,4 foiz) arzonlashdi.

inflyatsiya

Meva va sabzavotlar orasida limon narxi iyunda 23,5 foiz, nok — 2,1 foizga, loviya — 1,4 foizga oshgan. Bir oy davomida bulg‘or qalampiri 47,3 foizga, baqlajon — 46,3 foizga, pomidor — 42,3 foizga, bodring — 39,2 foizga arzonlashdi. Ammo yillik hisobda pomidor 49,6 foizga, piyoz — 34,1 foizga, sabzi — 20,9 foizga qimmatlashgan.

Alkogolli ichimliklar 2,2 foizga (yil davomida 12,5 foiz), tamaki mahsulotlari 0,9 foizga qimmatlashdi.

O‘tgan oyda kinoteatr xizmatlari (+4,8 foiz), bayram tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar, shuningdek, park xizmatlari (+2,7 foiz) narxlarining o‘sishi kuzatildi.

Iyun oyida umumiy ovqatlanish xizmatlari barcha hududlarda qimmatlashdi. Oy davomida ushbu sohada inflyatsiya 3,4 foizni tashkil etdi.

O‘zbekistonning beshta viloyatida mehmonxona xizmatlari narxi oshdi (1,2−9 foiz oralig‘ida), dam olish markazlarida narxlar barqarorligi saqlanib qoldi, deya xabar bermoqda Statistika agentligi.

Barcha hududlarda benzin narxi o‘rtacha 2,2 foizga ko‘tarildi.

Narxlar pasayganiga qaramay, mamlakatda palov indeksi o‘sib bormoqda. Xususan, bir porsiya palov narxi Surxondaryo viloyatida 4,2 foizga, Toshkent shahrida 3,9 foizga oshgan. Yil davomida palov Sirdaryoda 34 foizga, Namanganda 32 foizga, Surxondaryoda 27 foizga qimmatlashgan.