2022−2023-yillarda dori-darmonlari O‘zbekistonda kamida 19 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun mo‘ljallanmagan xomashyolardan foydalangan. Ishlab chiqaruvchi propilenglikol (sirop uchun asos) o‘rniga arzonroq mahsulotlarni ishlatgan, deb yozadi Reuters manbalarga tayanib.

Kompaniya propilenglikolni (PG) Maya Chemtech India kompaniyasidan sotib olgan, agentlikning xabar berishicha, mazkur korxonaning farmatsevtika materiallarini sotish uchun litsenziyasi yo‘q, faqat sanoat darajasidagi dori-darmonlarni sotishi mumkin bo‘lgan.

“Biz Marion uni yo‘tal siroplarini tayyorlashda ishlatishini bilmas edik. Bizga materialimiz qayerda ishlatilayotgani haqida xabar berilmaydi”, — deydi Maya`ning ismi sir qolishni xohlagan xodimi Reuters agentligiga.

Sanoat propilenglikoli idish yuvish vositalarida, antifrizlarda, bo‘yoqlar yoki qoplamalarda, shuningdek, pestitsidlarning samaradorligini oshirishda ishlatiladigan zaharli materialdir.

Ishni nazorat qilayotgan tergovchining so‘zlariga ko‘ra, Marion ham ushbu ingrediyentni O‘zbekistonga sotgan siroplarda ishlatishdan oldin sinovdan o‘tkazmagan. Hindiston dori vositalari va kosmetika ishlab chiqarish qoidalariga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar o‘zlari foydalanadigan ingrediyentlarning xavfsizligi uchun javobgardir.

Maya Chemtech India hozircha ayblanuvchi sifatida jalb qilinmagan, ammo tergov davom etmoqda, dedi kompaniya manbasi.

Dekabr oyi oxirida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Dok-1 Maks siropini qabul qilgan bolalarning o‘limi hamda import qiluvchi Quramax Medikal kompaniyasi va Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi mansabdor shaxslari hibsga olingani bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi tomonidan Marion Biotech kompaniyasining barcha mahsulotlari (ro‘yxat) savdosi to‘xtatilgan.

Yil boshida Farmatsevtika agentligi Marion tomonidan yetkazib berilgan dori-darmonlar partiyasida etilenglikol aniqlangani, uning hajmi tibbiy qoidalarda nazarda tutilgan me’yordan 300 baravar yuqori bo‘lgani haqida xabar bergandi. Buning o‘rniga, propilenglikol (bakteritsid ta’sirga ega oziq-ovqat qo‘shimchasi) dorilar tarkibida bo‘lishi kerak edi.

Fevral oyida Farmatsevtika agentligi va Dori vositalarini ekspertiza va standartlashtirish markazining sobiq rahbari Sardor Qoriyev ham qamoqqa olingan. O‘shandan beri huquq-tartibot idoralari ishning holati haqida ma’lumot bermagan.