O‘zbekiston 2023-yilning yanvar-may oylarida 3811 ta elektromobil import qilgan. Bu bo‘yicha Statistika agentligi ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, elektromobil importi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 2846 taga yoki qariyb 4 barobarga oshgan.

2023-yilning yanvar-may oylarida eng ko‘p elektromobil Xitoydan import qilingan (3480 ta). Undan keyingi o‘rinlarda Gonkong (256 ta) hamda Germaniya (42 ta) turibdi. Shuningdek, BAAdan 16 ta, Koreyadan 11 ta va AQShdan 6 ta elektromobil keltirilgan.

Dastlabki uch oyda mamlakatga xorijdan qiymati $54,7 mln ga teng bo‘lgan 1668 dona elektromobil import qilingandi.

Ma’lumot uchun, 2022-yilda O‘zbekiston xorijdan 69,8 mln AQSh dollari evaziga 2180 dona elektromobil olib kelgan. Import 2021-yilgiga nisbatan 1371 taga oshgan.