“Gazeta.uz” 2023-yil 1-iyuldan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. “O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi” joriy etiladi.

Prezidentning 2023-yil 7-apreldagi [PQ-114-son] qarori bilan sportchi identifikatsiya kartalari uchun to‘lovlar miqdori uch barobarga kamaytirilib, ulardan foydalanish muddati 5 yil etib belgilandi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi” joriy etildi. Bunda:

  • stipendiya miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari etib belgilanadi;
  • mazkur stipendiya tayinlangan sportchilarga prezidentning tegishli qarorida belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.

2. Ayrim tadbirkorlar ishchilarining daromad solig‘i qaytarib beriladi.

Prezidentning 14-iyundagi qarori [PQ-192-son] bilan issiqxonaga ixtisoslashgan yer maydoni 25 sotixdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida rioya qilinganda tadbirkorlarga qaytarib berish tartibi joriy etildi:

  • har bir 5 sotix yer maydoni uchun oyiga kamida 1 nafar ishchining bandligini ta’minlash;
  • har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo‘lmagan (980 ming so‘m) miqdorda belgilash;
  • issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan issiqxona faoliyati bo‘yicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etishi.

3. Hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kurerlik xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

Prezidentning 12-iyundagi farmoni [PF-91-son] bilan hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari sifatida jo‘natish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (jo‘natish xarajatlarisiz) 50 foizidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.

Shuningdek, davlat mulki bo‘lgan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun faqat Milliy katalog va reyestrga kiritilgan hunarmandlarga elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibi joriy etiladi.


4. Ayrim normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.

Prezidentning 2-iyundagi qarori [PQ-181-son] bilan Jahon savdo tashkiloti qoida va me’yorlariga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.


5. “Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy qilinadi.

Prezidentning 31-maydagi farmoni [PF-81-son] bilan “Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy qilinadi. Shuningdek, chiqindi poligonlarini xususiylashtirish taqiqlanadi. “Chiqindilarni ommaviy yig‘ish” (O‘zPlogging) umummilliy harakati tashkil etiladi.

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun vujudga kelgan qarzdorlikni majburiy tartibda undirish uchun sudga da’vo arizalari sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan kiritiladi.


6. Davlat organlari AKT xodimlarining malakasi oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining 20-maydagi 208-sonli qarori bilan davlat organlarining AKT sohasiga mas’ul xodimlarining 3 yilda bir marta malakasini oshirish yo‘lga qo‘yiladi.


7. “Yashil energiya” sertifikatini berish boshlanadi.

Prezidentning 12-maydagi qarori [PQ-156-son] bilan elektrning qayta tiklanuvchi manbalar asosida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil energiya” sertifikati tizimi “O‘zbekgidroenergo” AJdagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun joriy etiladi.


8. Nodavlat futbol muassasalariga futbol assotsiatsiyasi a’zosi bo‘lish talabi qo‘yiladi.

Prezidentning 7-apreldagi qarori [PQ-115-son] bilan nodavlat futbol muassasalari uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi a’zosi bo‘lishi talabi o‘rnatiladi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan nodavlat futbol muassasalarining reytingi yuritiladi.


9. Ayrim vino mahsulotlariga aksiz markasi yopishtirilmaydi.

Prezidentning 4-apreldagi qarori [PQ-110-son] bilan ko‘piklanadigan va tabiiy vino mahsulotlari aksiz markalari bilan markalanmaydi.


10. Elektr yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar “Shaffof qurilish” tizimi orqali tuziladi.

Prezidentning 13-fevraldagi qarori [PQ-54-son] bilan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minoti yoxud “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali tuziladi.


11. Ayrim tezkor-qidiruvlarda ekspress tekshirish texnik vositalari o‘sha joyning o‘zida qo‘llanadi.

Vazirlar Mahkamasining 12-yanvardagi 12-sonli qarori bilan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar quyidagi holatlarda:

  • giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatni qayd etishda aniqlangan modda (buyum)ning giyohvand vositasiga taalluqli ekanligiga shubha paydo bo‘lganda;
  • aniqlangan modda (buyum)ni giyohvandlik vositalarining qaysi turiga mansubligi bo‘yicha savol tug‘ilganda;
  • giyohvandlik vositalarining yangi turlari aniqlanganda;
  • tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda aniqlangan valyuta namunasi qalbaki ekanligiga shubha paydo bo‘lganida;
  • tezkor-qidiruv tadbirlari davomiyligini ta’minlash zarurati yuzaga kelganda, tezkorlikni amalga oshirish hamda tegishli vaqtni tejash maqsadida mazkur modda (buyum) yoki valyuta namunalarini ular aniqlangan joyning o‘zida yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar binosida ekspress tekshirish texnik vositalari yordamida tekshiradi.

12. Ayrim turdagi dorilar sertifikatlashtirilmaydi.

Prezidentning 2022-yil 26-oktabrdagi qarori [PQ-411-son] bilan referent narxlari qayd etilmagan yoki qayd etilgan narxdan yuqori bo‘lgan dori vositalarini sertifikatlashtirish taqiqlanadi.


13. Davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlari tanlov asosida tayinlanadi.

Prezidentning 24-martdagi qarori [PQ-101-son] bilan davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Shuningdek, davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar ma’muriy binolaridan xodimlar uchun belgilangan me’yordan kelib chiqib, samarali foydalanish tartibi joriy etiladi.


14. 2010 — 2012-yillarda berilgan eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalar haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi 116-sonli qarori bilan eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransportni ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalarni majburiy almashtirish muddati quyidagicha uzaytirilgan:

  • 2010-yilgacha bo‘lgan davrda berilganlari — 2023-yil 31-martgacha;
  • 2010 — 2012-yillarda berilganlari — 2023-yil 30-iyungacha;
  • 2013 — 2015-yillarda berilganlari — 2023-yil 30-sentabrgacha;
  • 2015-yildan keyin berilganlari — 2023-yil 31-dekabrgacha.

Yuqoridagi muddatlargacha almashtirilmagan guvohnomalar haqiqiy emas deb hisoblanadi.