Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) missiyasi O‘zbekiston prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha oraliq hisobotini e’lon qildi. Unda, an’anaga ko‘ra, saylov qonunchiligidagi va umuman mamlakatdagi ijobiy o‘zgarishlar, shuningdek, YeXHT ekspertlarining fikricha e’tibor qaratish lozim bo‘lgan kamchiliklar sanab o‘tilgan.

Missiyaga elchi Ursula Gatsek boshchilik qilmoqda. Missiya Toshkent shahrida joylashgan 11 nafar asosiy guruh a’zolaridan va butun mamlakat bo‘ylab 24 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilardan iborat. A’zolar YeXHTga kiruvchi 25 ta davlatdan kelgan. Saylov kuni jarayonlarni kuzatish uchun YeXHT davlatlaridan 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilar kelishi kerak.

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan “ayrim huquqlarga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan ayrim chora-tadbirlar ko‘rildi”. O‘zbekiston rasmiylari DIIHBning oldingi bir necha tavsiyalarini inobatga olgan.

“Konstitutsiyaga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar o‘rtacha og‘ir va og‘ir jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan hamda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarning saylov huquqlariga qo‘yiladigan umumiy cheklovni olib tashladi. Endilikda ularning ovoz berish huquqi faqat sud qarori bilan cheklanishi mumkin”, — deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari, Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar saylov komissiyalari a’zolarini a’zolikdan chiqarish uchun tegishli mezonlarni yanada kengaytirdi.

Shu bilan birga, YeXHTning uzoq muddatli ba’zi tavsiyalariga kelsak, “hali bu borada ish olib borish kerak”, deyiladi hujjatda. Bu, xususan, yig‘ilishlar o‘tkazish erkinligi va so‘z erkinligi, fuqarolarning saylovlarni kuzatish va siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olish”ga taalluqlidir. Qonun hujjatlarida ham bo‘shliqlar va noaniq matnlar mavjud.

“DIIHB avvalroq o‘ta murakkab va qo‘llanishi chalkashroq deb baholangan, siyosiy partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari hamon o‘zgarishsiz qolmoqda. Bu qonunchilik alohida nomzodlarning saylovda qatnashishiga ruxsat bermaydi”, — deya ta’kidlanadi hujjatda.

Missiya Markaziy saylov komissiyasiga tayanib, “2023-yilgi saylovdan so‘ng hokimiyat saylov qonunchiligini Konstitutsiya qoidalariga muvofiqlashtirish niyatida va DIIHBning avvalgi tavsiyalarini ko‘rib chiqish bu jarayonning bir qismi bo‘ladi”, — deb xabar berdi.

2016-yildan boshlab xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilib, hozirda amaldagi parlamentdagi jami 150 o‘rindan 48 tasini xotin-qizlar tashkil etadi (32%). 2023-yil 6-aprelda Senat jinsiy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarni huquqiy himoya qilish doirasini kengaytiruvchi tuzatishlarni ma’qulladi. Shunga qaramay, siyosiy hayotda xotin-qizlarning ishtiroki nisbatan ancha kam va gender stereotiplari saqlanib qolmoqda. Hukumatdagi 27 vazirdan 2 nafari va Sudyalar oliy kengashining 12 nafar a’zosidan 2 nafarigina ayollardir. Viloyat hokimlarining hammasi erkaklardir, deyiladi xabarda.

Saylovchilarni ro‘yxatga olish passiv bo‘lib, u doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyiga asoslanadi. Odatda, ko‘p sonli saylovchilar saylov kuni qo‘shimcha saylovchilar ro‘yxatlariga kiritiladi. DIIHB SKM doimiy kuzatuvchilari saylovchilar ro‘yxatlarining aniqligiga erishish va sayyor ovoz berish zaruriyatini baholash maqsadida uyma-uy yurib tekshirishlar o‘tkazdi, deya qayd etadi missiya.

21-iyun holatiga ko‘ra, MSK e’lon qilgan saylovchilarning umumiy soni 22 millionga yaqinni tashkil qilgan. 7-iyunda boshlangan va 7-iyulga qadar davom etadigan saylov kampaniyasi nisbatan sust o‘tmoqda, bu esa “amaldagi prezidentga muxolifatning yo‘qligidan dalolat beradi”, — deydi DIIHB kuzatuvchilari. Saylovoldi tashviqoti tadbirlari, missiya kuzatuvlariga ko‘ra, asosan iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qonun ustuvorligini ta’minlash, shuningdek, ekologiya va suv xo‘jaligi sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan.

Saylovoldi tadbirlari davomida amaldagi prezident bir qator chora-tadbirlarni joriy etish niyatini bildirdi, ular tez orada amalga oshirilishi uchun prezident farmonlari bilan mustahkamlab qo‘yildi, deb ta’kidlaydi missiya (bunga misollar keltirilgan — Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi, Qoraqalpog‘istonda soliqlarning kamayishi va boshqalar).

Hisobotda, shuningdek, DIIHBning oldingi tavsiyalariga qaramay, qonun hujjatlarida fuqaro sifatida kuzatuvchilik qilish bo‘yicha tartib-qoidalar mavjud emasligi qayd etilgan. Xalqaro tashkilotlar, siyosiy partiyalar, mahalla qo‘mitalari kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari saylovlarni kuzatib borish huquqiga ega.