Fevralda “Potrebitel Buxara” Telegram-kanalida Buxoro shaharida ikki uy orasida ko‘p qavatli uy-joy qurilishi belgilangan joyda 16 tup daraxt hamda butalarni kesgani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng shahar ekologiya boshqarmasi vaziyatni o‘rganib, natija haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, harakat Buxoro shahar Pridastgir ko‘chasi 3/7-uy va Alpomish ko‘chasi 14-uy orasida ko‘p qavatli uy-joy qurilishi belgilangan hududda fuqaro Q.Q tomonidan sodir etilgan. Huquqbuzarlikka jinoyat alomatlari mavjudligi uchun Buxoro shahar Prokuraturasiga hujjatlar taqdim etilgan.

Unga ko‘ra, fuqaro Q.Q ga nisbatan sodir etgan huquqbuzarligi uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) bilan 1 350 000 so‘m jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar 259 mln so‘m hisoblanib, hujjatlar sudga taqdim etildi.