Iyul oyi boshida Telegram messenjerida Stories funksiyasi paydo bo‘ladi. Bu haqda dastur asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi.

“Ko‘p yillar davomida foydalanuvchilarimiz Telegram`ga Stories`ni qo‘shishni so‘rashdi. Bizga yangi funksiyalar bo‘yicha kelgan so‘rovlarning yarmidan ko‘pi Stories bilan bog‘liq”, — deb yozdi Durov.

Format “Telegram uslubida” ishga tushirilishi rejalashtirilgan. U quyidagilar bilan ajralib turadi:

  • maxfiylik — Stories barcha foydalanuvchilar uchun, faqat kontaktlar uchun, bir nechta tanlangan kontaktlar yoki yaqin do‘stlar uchun ochiq bo‘lishi mumkin bo‘ladi;
  • ixcham interfeys — Stories chat ro‘yxatining yuqori qismida joylashadi;
  • moslashuvchanlik — boshqa kontaktlar tomonidan joylangan Stories`ni ro‘yxatdan yashirib qo‘yish mumkin bo‘ladi;
  • tagyozuvlar — fotosuratlar va videolarni tahrirlash vositalaridan tashqari, Stories`da tagyozuvlar, havolalar va boshqa odamlarni belgilash imkoniyati mavjud bo‘ladi;
  • ikki kamerani bir vaqtda ishlatish — Stories`da bir vaqtning o‘zida asosiy va old kameralarda olingan fotosuratlar va videolarni joylash mumkin bo‘ladi;
  • amal qilish muddati — Stories`ni 6, 12, 24 yoki 48 soat davomida ko‘rinadigan qilib joylash mumkin bo‘ladi. Ularni, shuningdek, foydalanuvchining profil sahifasida ham saqlash imkoniyati bo‘ladi.