2023-yilning iyun oyida O‘zbekiston aholisi uzoq vaqt davomida jazira issiqni boshdan kechirdi. O‘zgidrometning jahon prognoz markazlari hisob-kitoblariga tayanib xabar berishicha, iyul oyi juda issiq bo‘lmasligi kutilmoqda.

Hududning katta qismida o‘rtacha oylik harorat o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda va faqat shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda me’yordan 1−1,5 darajaga yuqori bo‘ladi.

O‘zbekiston hududida Eron hududlaridan yana issiq havo kirib kelishi hisobiga iyul oyi issiq ob-havo bilan boshlanadi. 1−3-iyul kunlari havo haroratining qiymatlari +37…+40 darajaga, cho‘l hududlarda va respublikaning janubida +41…+43 darajaga yetadi.

Lekin iyul oyi birinchi o‘n kunligining o‘rtalariga kelib, harorat 3−5 darajaga pasayishi kutilmoqda. Keyinchalik oyning oxirigacha havo harorati kechalari +20…+25 daraja atrofida, ba’zi joylarda 27 darajagacha, kunduz kunlari +33…+38 darajagacha, ayrim kunlarda 39…+41 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +42…+45 darajagacha bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda, asosan, tog‘oldi va tog‘li hududlarda ayrim kunlarda mahalliy qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Iyuli eng issiq bo‘lgan yillar

O‘zbekistonda iyul oyining o‘rtacha maksimal harorati (yoki iqlim me’yori) +35…+37 darajani, janubda va cho‘l hududlarda +38…+40 darajani tashkil etadi. Har yili iyul oyida kuchli issiq davrlar kuzatiladi, bunda havo harorati +39…+41 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +43…+45 darajagacha ko‘tariladi, eng issiq yillarda esa undan ham yuqori bo‘ladi.

So‘nggi 8 yil ichida O‘zbekistonda barcha iyul oylari iqlim me’yoridan issiqroq bo‘ldi va meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq o‘ntalikka kirdi. O‘zbekistonda 2019-yilning iyul oyi eng issiq bo‘lib, uning o‘rtacha harorati me’yordan 2−4 darajaga yuqori bo‘ldi.

2018-yil va 2021-yillarning iyul oylari 2019-yil iyul oyining harorat foni bo‘yicha yaqin bo‘ldi. Shu yillarda maksimal havo harorati +40…+43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +44…+45 darajagacha ko‘tarildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda havo haroratining (+46…+48 daraja) tarixiy maksimumi qayd etildi.

Respublikaning qolgan hududlarida maksimal haroratning mutlaq rekordlari boshqa yillarda o‘rnatildi. Shunday qilib, Toshkentda havo harorati 44,6 darajani tashkil etgan rekord hali ham saqlanib turibdi, u 25 yil oldin — 1997-yil iyul oyida qayd etilgan.

2023-yil iyun oyida O‘zbekiston aholisi uzoq vaqt davomida juda issiq ob-havoni kuzatdi. Issiq deyarli oyning boshidan boshlandi va ikkinchi o‘n kunlikning oxirigacha davom etdi.

Iyun oyining oxirgi o‘n kunligi o‘rtalarida issiq sezilarli darajada zaiflashdi va havo harorati qisqa davrga iqlim me’yoridan pastga tushdi. Oyning oxiriga kelib, havo harorati yana ko‘tarila boshladi.