25−26-iyun kunlari Jizzax shahrida 57 nafar fuqaro ovqatdan zaharlanib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qildi. Viloyat prokuraturasi xabariga ko‘ra, ular ich ketish va tana harorati ko‘tarilishidan shikoyat qilgan va tibbiy muolaja uchun shifoxonaga yotqizilgan.

“Bemorlarning 11 nafariga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan, 46 nafari qoniqarli ahvolda”, — deyiladi xabarda.

Shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv davomida bemorlar Jizzax shahridagi oshxonalarning birida ovqatlangani aniqlandi. Hodisa joyidan olingan oziq-ovqat mahsulotlarining namunalari bo‘yicha va barcha bemorlarga nisbatan tegishli ekspertizalar tayinlanib, soha mutaxassislari jalb etildi.

Viloyat prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan nazorat o‘rnatdi.