Amudaryodan suv oluvchi Qo‘shtepa kanalining qurilishi bo‘yicha “Tolibon” tomonidan oltita variant tayyorlangan bo‘lib, O‘zbekiston ularning barini chuqur o‘rganib chiqqan. Bu haqda O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev 20-iyun kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar berdi.

“Variantlarning birida 120 ming gektar yer o‘z oqimi bilan [suv] ichishi ko‘rsatilgan. Yana birida 225 ming gektar [maydon ko‘rsatilgan]. Ko‘p joyda (ijtimoiy tarmoqlar nazarda tutilmoqda — tahr.) o‘qisangiz, 600 ming gektar yer to‘g‘risida gap boradi. Unday narsa yo‘q — 600 ming gektar bo‘lmaydi. Biz o‘rgangan variantlar bo‘yicha taxminan 225 ming gektar o‘z oqimi bilan bo‘lishi mumkin — bu ularning kattaroq, uchinchi varianti — va yana 50 ming gektari nasos bilan sug‘oriladi”, — dedi vazir. Shunda taxminan 300 ming gektarcha sug‘oriladigan yer hosil bo‘ladi.

Shavkat Xamrayevning ta’kidlashicha, Afg‘oniston tomoni qurayotgan kanali orqali Amudaryodan dastlab 4−5 mlrd kub metr suv oladi.

“[Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘oniston] uncha suv olarkan, buncha suv olarkan, degan gaplar aytilyapti. 13 mlrd degan raqam ham bo‘ldi, 10 mlrd degan raqam ham bo‘ldi. Agar o‘sha [kanal] 300 ming gektarni [sug‘oradigan bo‘lsa], 12 mlrd kub metr suv oladi desak ham, bu har bir gektarga 40 ming kub, degani — 1 gektar yer 40 ming kub metr suv icholmaydi. Biz sholi ekib, suvni bostirib [sug‘organimizda] ham 1 gektarga 30 ming kub metr suv ketadi. Birinchidan, [Afg‘onistonda] yuz foiz sholi ekilmaydi. Ikkinchidan, agar [Afg‘oniston] 5 yil birinchi daraja ishlarni qilsa, boshqa ekinlar, kanallarning o‘tkazish qobiliyati va boshqasidan kelib chiqib, taxminan 4 milliard kub metr atrofida suv oladi. Keyinchalik, bora-bora bu miqdor 10 mlrd kub bo‘lishi mumkin. O‘ylaymanki, bizning vazifamiz mana shu 4−5 milliard kubni olginu, shu bilan 200 ming bo‘ladimi, 250 ming gektar bo‘ladimi, shuni sug‘orish imkoniyating bo‘ladi, shunaqa qilaylik, degan muloqotlarga asta-sekin tayyorlanib borish”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Amudaryoda har yili taxminan 60 mlrd kub metr suv shakllanyapti. Suv dastlab Vaxsh va Panj daryolarida, so‘ngra Kofarnihonda yig‘ilib, boshqa irmoqlarning ham qo‘shilishi orqali Termizda Amudaryoga aylanadi.

“[Afg‘oniston] 4−5 mlrd kub metr suv olsa, O‘zbekiston suvsiz qolib ketadi-ku, degan masalaga javob berishga harakat qilaman. Aytganimdek, bugungi kunda Amudaryoda 60 mlrd kub suv shakllanmoqda. Hozir ham shu 60 mlrdning 10 foiz qismi ketyapti, Karki gidropostida Turkmaniston 22 mlrd, O‘zbekiston 22 mlrd kub metr suv olyapti. Orol tomonga ham 2−3 mlrd kub suv o‘tkazyapmiz. Suv kam yillarda [bu ko‘rsatkich] yana ham pasayadi. Biz to‘g‘ri tushunishimiz kerak, suv 10−20 foizgacha kam bo‘ladigan yillar bo‘ladi. Bunda yana 10 foiz suv ketib qoladi. [Suv] kam bo‘lgan yillarda 30 foizgacha suvsiz qolishimiz mumkin”, — dedi vazir.

Shavkat Xamrayevning alohida qayd etishicha, O‘zbekistonda suvning behuda yo‘qotilishi darajasi yuqori va bu ko‘rsatkich 2030-yilga borib bir yilda 15 mlrd kub metrga yetishi mumkin.

“Bugundan 15 mlrd kub suvimiz yo‘q deb hisoblab, harakatimizni qilishimiz kerak. Hozir 40 foiz suvni sug‘orish tarmoqlarida, 20 foizni dalaning o‘zida yo‘qotyapmiz. Ba’zi joylarda sholi uchun 30 ming kub suv ketyapti. Lekin 12 ming kub suv bilan ham zo‘r hosil ko‘tarayotganlar ko‘p. Ayrimlar 10 ming kub suv bilan 30 sentner paxta olsa, ba’zilar 2,5 ming kub suv bilan 70 sentner paxta yetishtiryapti. Mana, suvni qayerdan qidirishimiz kerak! Suv masalasida Afg‘oniston bilan ham, qo‘shni davlatlar bilan ham do‘stona munosabat qilishda davom etamiz, albatta. Ko‘p me’yoriy hujjatlar va boshqa harakatlarni qilyapmiz. Lekin o‘zimizda ham katta zaxira turibdi. Agar shu zaxira ustida ishlamaydigan bo‘lsak, Qo‘shtepa kanali qurilmasa ham, energetika tarmog‘ida qurilishlar bo‘lmasa ham, suvsiz qolamiz”, — dedi u.

Avvalroq Xamrayev Qo‘shtepa kanali qurilishida O‘zbekiston Afg‘onistonga yordam ko‘rsatishi, bu kanal ikki xalqni urushtiradigan emas, balki birlashtiradigan do‘stlik kanali bo‘lishini ta’kidlagandi. Shuningdek, u O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining yaqin vaqt ichida yana Afg‘onistonda bo‘lib, kanal masalasida ishchi guruhlar tuzilishini aytgandi.