O‘zbekistonga Xitoyning Siyamen portidan Eronning Bandar-Abbos porti orqali tovarlar yetkazib berish boshlandi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, Xitoyning Siyamen portidan Sergeli stansiyasiga Eron orqali birinchi konteyner poyezdi harakati yo‘lga qo‘yilgan. Tarkibida maishiy texnika yuklari, ya’ni muzlatkich, kir yuvish mashinasi, gaz plitalari bo‘lgan konteynerlar Xitoydan dengiz orqali Bandar-Abbos portiga olib kelingan hamda temiryo‘l platformalariga ortilgan holda Turkmaniston orqali O‘zbekistonga kirib kelgan.

бандар-аббос, logistika, туркманистон, ўзбекистон, хитой, эрон dengiz портлари

39 ta 40 futlik konteynerdan tashkil topgan blok poyezdi Bandar-Abbos portidan Sergeli stansiyasigacha yetib kelishi uchun 14 kun kerak bo‘lishi qayd etilgan. Hozirda konteyner poyezdi O‘zbekiston hududiga o‘tgan bo‘lib, 25-iyun kuni Toshkent shahriga yetib kelishi rejalashtirilgan.

Avvalroq O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov 18-iyun kuni Eron yo‘llar va shaharsozlik vaziri Mehrdod Bazposh bilan uchrashuvida Eron-O‘zbekiston logistika markazini tashkil etish, shuningdek, Eronning Chobahor va Bandar-Abbos portlarida o‘zbekistonlik tadbirkorlar ishtirokida terminal va omborlar qurish bo‘yicha kelishuvga erishgandi.