Toshkent shahri Mirobod tumani Shahrisabz ko‘chasida joylashgan Bosh prokuratura akademiyasining bino va inshootlari yana sotuvga qo‘yildi, deb xabar bermoqda E-auksion platformasi.

obyekt yanvar oyida kimoshdi savdosiga chiqarilgandi, ammo mulk sotilmadi.

Binolarning umumiy maydoni 9560 kvadrat metrni tashkil qiladi. Ular 0,36 gektar maydonda joylashgan. Boshlang‘ich narx o‘zgarmadi — 171,47 mlrd. Shu bilan birga, bo‘nak puli (zakalat) summasi 5 foizdan 1 foizga tushirildi.

Qolgan shartlar o‘zgarishsiz qoldi. Xususan, sotilgandan keyin Bosh prokuratura akademiyasi bino va inshootlardan bir yil davomida bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi. Xaridor obyekt qiymatining kamida 35% ini to‘lashi kerak, u bir yil ichida qolgan summani to‘lashi mumkin.

Arizalar 3-iyulga qadar qabul qilinadi, shu kuni soat 10:00 da auksion o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil noyabr oyida prezident farmoni bilan Bosh prokuratura akademiyasi negizida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilgan bo‘lib, muassasada 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida bakalavriat va magistratura o‘quv jarayoni yo‘lga qo‘yiladi. Hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, u yangi 2023/2024 o‘quv yiligacha foydalanishga topshirilishi kutilayotgan yangi binoga ega bo‘ladi.