23-iyun kuni kechqurun “Razgruzka Vagnera” Telegram kanalida Ukrainaga qarshi urushda Rossiya tarafdori bo‘lgan Yevgeniy Prigojin boshchiligidagi qurolli tuzilma — Vagner xususiy harbiy kompaniyasi lageriga raketa hujumining taxminiy oqibatlari aks etgan video e’lon qilindi.

Videoda aytilishicha, zarba Rossiya Mudofaa vazirligi harbiylari tomonidan berilgan. Mudofaa vazirligi buning yolg‘on va axborot provokatsiyasi ekanini ta’kidladi.

Yevgeniy Prigojinning bildirishicha, maqsadli zarba “ko‘p sonli jangchilar”ning o‘limiga sabab bo‘ldi. U shundan so‘ng Rossiya armiyasi rahbariyatiga qarshi isyon boshlanganini e’lon qildi. U, xususan, shunday dedi: “Biz 25 ming nafarmiz va mamlakatda nima uchun tartibsizliklar sodir bo‘layotganini aniqlaymiz”. XHK “mamlakat harbiy rahbariyati olib borayotgan yovuzlikni to‘xtatishga” qaror qildi, dedi Prigojin. Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu haqida gapirar ekan: “Bu maxluq to‘xtatiladi”, — dedi.

Prigojinning matbuot xizmati tarqatgan bayonotida aytilishicha, bu “harbiy to‘ntarish emas, balki adolatning yurishidir”.

Prigojinning bayonotidan so‘ng Federal xavfsizlik xizmati (FXB) qurolli isyonga da’vat qilish fakti bo‘yicha jinoiy ish ochdi. Bu 12 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Rossiya bosh prokurori prezident Vladimir Putinga qurolli isyonga urinish bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berdi.

Taxminan soat 2 larda Prigojin XHK Rostovga kirayotganini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, rossiyalik harbiylarning aksariyati ularni qo‘llab-quvvatlamoqda, “chegarachilar ularni quchoq ochib kutib olgan”, uchuvchilar esa buyruqqa rioya qilishdan bosh tortgan va XHKga havodan hujum qilgan. Keyinchalik u XHKga hujum qilgan vertolyotlardan biri urib tushirilganini xabar qildi. So‘ng ikkinchi vertolyot haqida ham e’lon berildi. Ushbu ma’lumot tasdiqlanmagan.

Rossiya Aerokosmik kuchlari bosh qo‘mondoni, armiya generali Sergey Surovikin Vagner XHKni “kolonnalarni to‘xtatishga, ularni doimiy dislokatsiyalariga qaytarishga” chaqirdi.

Ertalab Rostov markazidagi barcha ma’muriy binolar harbiylar tomonidan o‘rab olingan, deb yozadi The Bell. Rasmiylar fuqarolarga uylarida qolishni tavsiya qildi. Biroq hamma ham tavsiyalarga amal qilmadi: shahardan olingan videoyozuvlarda odamlar ko‘chalarda sayr qilayotgani va telefonlarida harbiylarni suratga olayotgani aks etgan.

Prigojinning bildirishicha, Vagner XHK qiruvchilari Rostovdagi barcha harbiy obyektlarni, shu jumladan, aerodrom va Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini nazorat qilmoqda. Keyinchalik Reuters agentligi Vagner Voronejdagi barcha harbiy obyektlarni egallab olgani haqida xabar berdi.

vaгнер, евгений пригожин, россия

Foto: “Razgruzka Vagnera” Telegram kanali

Vagner XHKga yaqin bo‘lgan Grey Zone Telegram kanali Prigojinning Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasida mudofaa vaziri o‘rinbosari Yunus-Bek Yevkurov bilan birga o‘tirgan videoni e’lon qildi.

“Biz bosh shtab boshlig‘i va Shoyguni qo‘lga kiritmoqchimiz. Ungacha biz shu yerdamiz, Rostov shahrini to‘sib, Moskvaga boramiz. Yigitlar shu yerda bo‘lishadi”, — dedi Prigojin Yevkurovga.

vaгнер, евгений пригожин, россия

Foto: Meduza.

Davom etayotgan voqealar fonida Rossiyaning qator hududlarida, jumladan, Moskva va Moskva viloyatida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Moskva meri Sergey Sobyanin “aksilterror tadbirlari” o‘tkazilishini ma’lum qildi. Moskvadagi huquq-tartibot idoralari kuchaytirilgan rejimga o‘tdi, FXB xodimlariga uyda qolish buyurildi, ko‘pchilik xizmatga chaqirildi, deya ta’kidladi RBK manbasi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina Prigojinning provokatsiyasidan foydalangani va hujumga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirdi. Hujjatda Vagner XHK jangchilariga murojaat qilindi va ular “Prigojinning jinoiy qilmishlari va qurolli qo‘zg‘olonda ishtirok etishiga aldanganliklari” qayd etildi.